Apple o‘zining ilk uy robotini faol ishlab chiqmoqda. The Information ma’lumotlariga ko‘ra, qurilma kompaniya yaqinda taqdim etgan HomeView aqlli displeyining takomillashtirilgan versiyasi bo‘ladi.
Kompaniya ichida qurilma HomeView Ultra yoki HomeView Max deb atalmoqda. Prototip aylanuvchi tayanchga o‘rnatilgan 9 dyuymli ekran bilan jihozlangan. Uning dizayni noodatiy tuzilishga ega klassik iMac G4 kompyuterini eslatadi. Shu sababli qurilma jamoa ichida “Jobs chirog‘i” deb atalmoqda.
Yangi robot xona ichida mustaqil harakatlanib, atrof-muhit bilan o‘zaro aloqa qila oladi. Kamera va datchiklar yordamida xonaga odam kirganda chiroqni yoqishi yoki stol ustiga chiqqan mushukni haydashi mumkin. Shuningdek, ishlab chiquvchilar robotning atrofidagi buyumlar bilan to‘qnashib ketmasligi uchun uning harakatlanish imkoniyatlarini takomillashtirmoqda.
Qurilmaning texnik asoslari ikki yil avval ishlab chiqilgan. Biroq kompaniya ichidagi kelishmovchiliklar sababli uning taqdimoti ortga surilmoqda. Ishlab chiquvchilar qurilmaning dastlabki versiyasiga qaysi funksiyalarni kiritish, qaysilarini esa keyingi avlodga qoldirish masalasida yakdil qarorga kelmagan.
Yangi robotni 2027-yilda taxminan 1 ming dollar narxda sotuvga chiqarish rejalashtirilgan. Biroq uning taqdimoti 2028-yilgacha kechiktirilishi ham mumkin.
Avvalroq Apple g‘ildirakli yordamchi robot, uy ichida ucha oladigan dron va kiyimlarni taxlaydigan mexanizm kabi boshqa robototexnika loyihalarini ham o‘rgangan. Ularning qachon ishlab chiqarilishi yoki taqdim etilishi hozircha noma’lum.