AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 43 davlat fuqarolarining mamlakatga kirishini qiyinlashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi “New York Times” gazetasi.

Nashr taqdim etgan jadvalga ko‘ra, Vashington 11 mamlakat – Afg‘oniston, Butan, Venesuela, Eron, Kuba, Shimoliy Koreya, Liviya, Somali, Sudan, Suriya va Yaman fuqarolarining AQSHga kirishini butunlay taqiqlashi mumkin.

Rossiya, Belarus, Turkmaniston, Eritreya, Gaiti, Laos, Myanma, Pokiston, Serra-Leone va Janubiy Sudan fuqarolari uchun vizani “keskin cheklash” chorasini o‘ylayapti.

Ta’kidlanishicha, AQSHga kirish “yuqori daromadli biznes sayohatchilar” uchungina mumkin, migratsiya yoki sayyohlik vizasi bilan kelmoqchi bo‘lganlarga emas.

Yuqorida sanalgan yurtlardan AQSHga borish to‘liq yoki qisman taqiqlanishining mantiqiy sababi noma’lumligicha qolmoqda.

Yana 22 davlat, jumladan Angola, Zimbabve, Mali, Chad, Kamerunga “tashvish” omilini bartaraf etish uchun 60 kun muddat berilishi rejalashtirilgan. Bu mamlakatlarning har biri viza tartibi to‘liq taqiqlangan yoki keskin cheklangan toifaga kiritilishi ham mumkin.

– Rossiya sayyohlari uchun to‘liq taqiq joriy qilinmasa-da, keskin cheklash taklifi ham bir savolni tug‘dirmoqda… Tramp AQSH tashqi siyosatini Rossiyaga nisbatan qulayroq yo‘nalish bo‘yicha o‘zgartirishga urinmoqda, – deya ta’kidlagan gazeta.

Bu takliflar Davlat departamenti tomonidan bir necha hafta oldin ishlab chiqilgan va Oq uyga yuborilgan. Ro‘yxatga esa hali tuzatish kiritilishi mumkin.

Jadval elchixonalar, xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar, razvedka hamjamiyati va boshqa idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

– Ular muayyan mamlakatga xos kamchilikning tavsifini, siyosiy sabab bor-yo‘qligini tekshiradi, biror ustuvor yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikni buzish xavfini oldini olish maqsadida izoh beradi, – deyilgan axborotda.

Amalda vizasi bor shaxslarga taqiq ta’sir etish-etmasligi, qonuniy tarzda doimiy yashash uchun ruxsat berilgan amaldagi yashil karta egalariga nisbatan qanday yo‘l tutilishi ham noma’lum.

Ma’lumki, Tramp saylov oldi kampaniyasi davrida AQSHni noqonuniy  muhojirlardan “tozalash” asosiy maqsadi ekanini ko‘p takrorlagan. Prezident bo‘lgandan keyin esa, ya’ni yanvar oyida chiqargan dastlabki farmonlaridan biri noqonuniy muhojirlarni ushlash va deportatsiya qilishga qaratildi. Farmon ijrosini ta’minlashga barcha kuch ishlatar tizimlar safarbar etildi. Natija qanday?

So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, hozir AQSHda ushlangan muhojirlar 47 600 nafar. Ma’muriyat ularni saqlash uchun joy qidirmoqda. Bu haqda “Reyter” agentligi Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE)ning nomi aytilmagan yuqori martabali xodimiga tayanib yozdi.

Ta’kidlanishicha, 20 yanvardan 10 martgacha ICYe 32 800 ga yaqin xorijlikni hibsga olgan. Ma’lum bo‘lishicha, ularning atigi 27 foizi immigratsiya qonunini buzgani gumon qilingan.

Avvalroq Vakillar palatasi Byudjet quyi qo‘mitasi rahbari Mark Amodey CNN telekanaliga Prezident ma’muriyati noqonuniy muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishning joriy sur’atini 60 kundan ortiq davom ettira olmasligi, ajratilgan mablag‘ tugab borayotganini bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, deportatsiya qilingan migrantlarni saqlash uchun ajratilgan 45 000 o‘rin allaqachon to‘lgan, tizim hozirgi oqimni qayta ishlashga ulgurmayapti.