World Justice Project (WJP) tashkilotining 2025-yilgi “Qonun ustuvorligi indeksi”da Oʻzbekiston 143 mamlakat orasida 81-oʻrinni egalladi. Bu koʻrsatkich 2024-yilga nisbatan ikki pogʻonaga yuqori.

WJP saytida keltirilishicha, Oʻzbekiston reytingda Gayana va Beliz davlatlari oʻrtasida joylashgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozogʻiston 66-oʻrinni, Qirgʻiziston esa 104-oʻrinni band etgan. Turkmaniston va Tojikiston indeksda qayd etilmagan.

Eng yuqori natijani Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Yangi Zelandiya koʻrsatgan boʻlsa, reytingning soʻnggi pogʻonasida Venesuela joylashgan.

Mazkur indeks fuqarolar, huquqshunoslar va soha ekspertlari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlar asosida tuzilgan boʻlib, unda korrupsiya darajasi, hukumatning ochiqligi, fuqarolik huquqlariga rioya etilishi hamda sud tizimining samaradorligi kabi mezonlar inobatga olingan.