O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida “London Saut Bank” universiteti va O‘zbekiston hamshiralar akademiyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Muloqot davomida hamshiralik faoliyati bo‘yicha o‘quv dasturlarini joriy etish, o‘qituvchi va professorlar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, xorijiy tomonga O‘zbekiston hamshiralar akademiyasining faoliyati haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvga erishildi.
Ma’lumot o‘rnida, “London Saut Bank” universiteti 1892-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda unda 18 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Universitetda 1,7 ming nafar professor-o‘qituvchilar ishlaydi va ta’lim amaliy fanlar, muhandislik, biznes, arxitektura, huquq hamda sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.