O‘zbekistonda umumta’lim muassasalarida o‘qituvchilarga dars soatlarini taqsimlash tizimi yangilandi. Bu bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi, Iqtisodiyot va moliya hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklarining qo‘shma qarori bilan “Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Yangi tartibga ko‘ra, har yili 15-sentyabrga qadar dars soatlari pedagogik kengash tomonidan ko‘rib chiqilib, malaka toifasi, sertifikat darajasi va ta’lim darajasiga qarab ustuvor ketma-ketlik asosida taqsimlanadi.
Eng avvalo oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilarga, so‘ngra xalqaro yoki milliy sertifikatga ega pedagoglarga, undan keyin birinchi va ikkinchi toifali o‘qituvchilarga ustuvorlik beriladi. Shuningdek, oliy ma’lumotli, qayta tayyorlangan, o‘rindoshlik asosida ishlovchi yoki pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga ham ma’lum tartibda dars soatlari ajratilishi belgilangan.