AQSHning New Mexico shtati sudi Meta korporatsiyasini o‘z platformalarida bolalar xavfsizligi borasida foydalanuvchilarni aldaganlikda aybdor deb topdi va 375 million dollar miqdorida jarima belgiladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Shtat bosh prokurori Raul Torres ushbu qarorni tarixiy deb baholadi. Unga ko‘ra, bu AQSH shtatlaridan biri Meta kompaniyasini bolalar xavfsizligi masalasida sudga berib, g‘alaba qozongan ilk holat hisoblanadi.
Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Facebook, Instagram va WhatsApp egasi bo‘lgan Meta o‘z platformalarida bolalarning nomaqbul mazmundagi materiallar va xavfli shaxslar bilan to‘qnash kelishiga yo‘l qo‘ygan.
Yetti hafta davom etgan sud jarayonida kompaniyaning sobiq xodimlari va ichki hujjatlaridan olingan dalillar taqdim etildi. Meta’ning sobiq muhandislik rahbari Arturo Bejar sudda Instagram’dagi tajribalarini so‘zlab berdi. Uning aytishicha, platforma algoritmlari voyaga yetmaganlarga nomaqbul kontentni tavsiya qilgan.
Ichki tadqiqotlarga ko‘ra, Instagram foydalanuvchilarining 16 foizi bir hafta ichida istalmagan ochiq yoki jinsiy mazmundagi kontentga duch kelganini bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, New Mexico shtati 2023-yilda Meta’ni sudga berib, kompaniya o‘zining tavsiya algoritmlari orqali yosh foydalanuvchilarni zararli kontentga yo‘naltirganini ta’kidlagan.
“Meta rahbarlari o‘z mahsulotlari bolalarga zarar yetkazishini bilgan, ogohlantirishlarga e’tibor bermagan va haqiqatni jamoatchilikdan yashirgan”, dedi prokuror Torres.
Mark Zuckerberg rahbarligidagi kompaniya vakillari esa hukmga qo‘shilmasligini va apellyatsiya berish niyatida ekanini bildirdi. Ularning ta’kidlashicha, platformalarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Kompaniya 2024-yilda yoshlar uchun maxsus hisoblar funksiyasini ishga tushirgani va ota-onalar nazorati vositalarini kengaytirganini o‘zini oqlash dalili sifatida keltirgan.
Mazkur 375 million dollarlik jarima shtatning “Adolatsiz amaliyotlar to‘g‘risida”gi qonuni minglab marta buzilgani uchun belgilangan.
Ayni paytda Los Angeles shahrida ham Meta’ga qarshi yana bir yirik sud jarayoni davom etmoqda. Unda yosh bir ayol Instagram va YouTube kabi platformalar bolalikdan uning ruhiyatida qaramlikni yuzaga keltirganini da’vo qilmoqda.
Hozirda AQSH sudlarida ijtimoiy tarmoqlarga qarshi minglab shunga o‘xshash da’volar ko‘rib chiqilmoqda.