Kanadalik aktyor va ssenariy muallifi Kalam Uorsi sun’iy intellekt asosida vafot etgan insonlarning raqamli nusxalarini yaratish va ular bilan muloqot qilish imkonini beruvchi 2wai nomli startapni ishga tushirdi. Bu haqda 14-noyabr kuni Daily Mail nashri xabar berdi.

Reklama roligida homilador ayol 2wai ilovasi orqali marhum onasining raqamli nusxasi bilan suhbatlashayotgani aks etgan. Keyingi kadrlarda esa vaqt o‘tishi bilan “buvi”ning chaqaloqqa ertak aytib bergani, maktabdan qaytgan nabiralari bilan suhbatlashgani va kelajakdagi nabirasining tug‘ilishi haqida virtual tarzda gaplashgani tasvirlangan.
Ilova orqali raqamli nusxa yaratish uchun chat-botga ushbu shaxsning hayotidan olingan uch daqiqalik video taqdim etilishi kifoya qiladi. Shunga qaramay, bunday texnologiya axloqiy me’yorlar, shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligi va psixologik ta’siri borasida keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Nashrning qayd etishicha, ilova yordamida Shekspir, qirol Genrix VIII kabi tarixiy yoki boshqa shaxslarning ham raqamli nusxalarini yaratish imkoniyati mavjudligi ta’kidlanmoqda.