AQSHning Colossal Biosciences biotexnologiya kompaniyasi sun’iy muhitda tirik jo‘jalarni ochirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda CBS News xabar berdi.

Mkjj

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 26 ta jo‘ja 3D printerda chop etilgan maxsus tuzilmada dunyoga kelgan. Mazkur tuzilma tuxum po‘stlog‘iga o‘xshash tarzda yaratilgan. Hozirda jo‘jalarning yoshi bir necha kunlikdan bir necha oylikkacha yetgani aytilmoqda.

Kompaniya rahbari Ben Lammning ta’kidlashicha, ushbu texnologiya kelajakda Yangi Zelandiyada yashagan va yo‘qolib ketgan ulkan moa qushini qayta yaratishga yordam berishi mumkin. Bo‘yi 3,5 metrga yetgan bu qushning tuxumlari oddiy tovuq tuxumidan qariyb 80 baravar katta bo‘lgan.

“Biz tabiat yaratgan narsani yanada yaxshiroq va samaraliroq qilishni xohladik”, dedi Ben Lamm.

Mutaxassislarning fikricha, texnologiya ilmiy jihatdan katta qiziqish uyg‘otsa-da, uni to‘liq sun’iy tuxum deb bo‘lmaydi. Buffalo universiteti biologi Vinsent Linchning aytishicha, bu usul orqali yaratiladigan qush genetik jihatdan o‘zgartirilgan organizm bo‘ladi, ammo haqiqiy moa hisoblanmaydi.

Jo‘jalarni ochirish jarayonida olimlar urug‘langan tuxum tarkibini sun’iy tizimga joylashtirib, inkubatorga qo‘ygan. Tizimga kalsiy moddasi qo‘shilgan va embrion rivojlanishi real vaqt rejimida kuzatilgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, kompaniya kislorod o‘tkazuvchi qobiq yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq unda haqiqiy tuxum ichidagi jo‘jani oziqlantiruvchi va chiqindilarni chiqarib yuboruvchi muhim biologik tuzilmalar bo‘lmagan.

“Bu sun’iy tuxum emas. Bu shunchaki sun’iy po‘stloq”, dedi Vinsent Linch.

Sheffild universiteti olimi Nikola Hemmings esa sun’iy idishda jo‘ja ochirish texnologiyasi mutlaqo yangi emasligini qayd etdi. Uning aytishicha, avval ham plastik plyonkalardan tayyorlangan shaffof po‘stloqlar orqali shunga o‘xshash tajribalar o‘tkazilgan.

Mutaxassislar ulkan moa qushini qayta yaratish uchun hali uzoq ilmiy jarayon kerakligini ta’kidlamoqda. Buning uchun qadimiy suyaklardan olingan DNKni zamonaviy qushlar genomi bilan solishtirish hamda kattaroq sun’iy po‘stloq yaratish talab etiladi.

Ayrim olimlar esa boshqa xavotirni ilgari surmoqda — qayta tiklangan hayvonlar hozirgi o‘zgargan tabiat sharoitida qanday yashashi noma’lum.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, ushbu texnologiya yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan va tutqunlikda ko‘payishi qiyin bo‘lgan noyob qush turlarini saqlab qolishda ham qo‘l kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Colossal Biosciences kompaniyasi 2021-yilda mamont va dodo qushini, 2024-yilda esa Tasmaniya yo‘lbarsini qayta yaratish rejalarini e’lon qilgach xalqaro miqyosda mashhur bo‘lgandi.