Livan nodavlat tashkiloti – Hamkorlik va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha tadqiqot markazi hammuassisi Doktor Daniya Koleylat Xatib Suriyaning yangi hukumati olib borayotgan siyosat haqida xorijiy ommaviy axborot vositalariga quyidagi mulohazalarni bildirgan:

O‘tgan yil dekabr oyida Suriyaning avvalgi hukumati kutilmagan darajada kam talofat bilan boshqaruvni topshirgan bo‘lsa-da, so‘nggi bir necha kun ichida ushbu mamlakat hamon zo‘ravonlikka moyilligini ko‘rsatdi.

Asad rejimi qoldiqlari bosh ko‘tarib, to‘qnashuvlar uyushtirdi, xavfsizlik xodimlariga hujum qilish uchun bir necha pistirma tashkil qildi. Begunoh aholi orasidagi qurbonlar, kuzatilayotgan ta’qiblar bir haqiqatga ishora qilmoqda: Suriyada xavfsizlik anchayin zaif, milliy yarashuv qaror topishi zarur.

Hozir mamlakat burilish nuqtasida turibdi: yo tartibsizlik davom etadi yoki o‘tgan haftadagi fojiali voqealardan xulosa chiqarilib, tinchlik yo‘li tanlanadi. Mintaqaviy holat haqidagi xabarlar va onlayn tashviqot tashqi ta’sirning ko‘rinmas qo‘lini e’tiborsiz qoldirmaslik kerakligini ham ta’kidlayotgandek, nazarimizda. Isroil va Eron yangi tuzumga nisbatan ochiqdan-ochiq dushmanlik kayfiyatida. Yahudiy davlati yangi boshqaruv ostida notinchlik yuzaga keltirish uchun mazhabchilik va ozchilik vositasidan foydalanishni xohlaydi.

Aslida xorijiy kuchlar aralashuvi oldini olishning eng samarali yo‘li – inklyuziv boshqaruv tizimini joriy etish orqali milliy hamjihatlikni mustahkamlash. Fojiali voqealar tufayli Damashq bugun turli guruhlar bilan avj olgan muammolarni hal qilish zaruratiga to‘qnashgan. Dushanba kuni Suriya Demokratik kuchlari Damashq bilan kelishuvga erishdi. Bitimning bir sharti sifatida guruh hukumat institutlariga qo‘shiladi.

Bu Suriya uchun yaxshi yangilik, ammo hali faqat boshlanishi. Kelgusi o‘tish davrida mamlakat o‘nlab yillar davomida shakllanadi. Ayni jarayonda G‘arb dunyosi ham muhim o‘rin tutadi. Sanksiya bekor qilinmasa, Suriya birlashgan, kuchli va farovon davlatga aylana olmaydi. G‘arb davlatlari muzokara olib borishda qat’iy qarashga ega. Ya’ni, barcha fraksiyalar uchun inklyuzivlik va adolatni kafolatlaydigan yangi tuzilma evaziga sanksiyani to‘liq bekor qilishi mumkin. Shu paytgacha muvaqqat hukumat Prezident Ahmad Ash-Shara’ tarafdorlari va uning yaqin kishilaridan iborat edi. Bu doira qolgan suriyaliklar va xalqaro hamjamiyatda ishonch uyg‘ota olmaydi. Ash-Shara’ Suriya xalqi va donorlar hamjamiyati ishonchini qozonishga qodir texnokratik hukumat tuza oladigan maqbul bosh vazir topishi kerak.

Bu lavozimga Londonda yashagan suriyalik tadbirkor Ayman Asfariy tayinlanishi haqida gap chiqdi. O‘zi aytmagan bo‘lsa-da, nomzod taklifni rad qilgani haqida xabarlar bor. Aytishlaricha, unga hukumatni shakllantirish va boshqarish uchun zarur vakolat berilmagan. Ash-Shara’ endi hukumatni Asad kabi boshqarib bo‘lmasligini tushunishi kerak. U hozir faqat buyruqni bajaradigan mulozimlarni tayinlay olmaydi. Yangi hukumat qarorlarni qabul qilish va amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lishi lozim. Bugungi Suriyani Asad davridagidek markazlashgan holda boshqarib bo‘lmaydi.

So‘nggi fojiali voqealar mamlakat Konstitutsiyaviy deklaratsiyani ishlab chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda yuz berdi. Birlikni ta’minlash uchun ma’muriy markaz tizimidan voz kechish zarur. Ya’ni, 2011 yildagi 107-sonli “Mahalliy boshqaruv to‘g‘risida”gi qonunni qayta ko‘rib chiqish muhim. Shu tariqa mahalliy davlat hokimiyati vakillariga qo‘shimcha vakolat va mas’uliyat yuklanadi. Bu mahalliy rahbarlarga qo‘shimcha kuch beradi. Ayni jarayonda mahallalar miqyosida yarashtirishni amalga oshira oladigan kengashlar tashkil etib, birlashish mumkin. Zero, muayyan mahalliy kengash o‘z hududini qayta qurish ehtiyojini to‘g‘ri baholay oladi, har bir jamoa urush kulidan ko‘tarilish uchun nima qilish kerakligini markaziy hukumatdan ko‘ra yaxshiroq biladi.

Yana bir masala – o‘tish davrida adolat o‘rnatish zarurati. Amaldagi hukumat avvalgi tuzum qoldig‘iga nisbatan yumshoq munosabatda bo‘lgani uchun ko‘p tanqidga uchradi. Ash-Shara’ Asad rejimi tomonidan tahqirlangan odamlar undan adolat so‘raganda “Sizga butun Suriya qaytarib berildi”, deya javob bergan. Hukumat shu yo‘l bilan mamlakat sahifani varaqlab, oldinga siljiydi, deb o‘ylashi mumkin.

Binobarin, odamlar adolat o‘rnatilmaganini his qilsa, mamlakat olg‘a yura olmaydi. Kishilar o‘zlari ko‘rgan vahshiyliklarni hali unutmagan. Xalqqa xizmat qiladigan odil tizim bo‘lmasa, har kim o‘zi adolatli deb bilgan vositani o‘zi qidiradi. Natijada yana o‘sha dahshatli qatag‘on davom etishi mumkin. Chet ellik jangchilar muammosi ham bor. Ular armiyaning bir qismi bo‘lolmaydi. Ayniqsa, muxolifatning eng ekstremal fraksiyalaridan biri sifatida.

Tabiiyki, yillar davomida o‘z qo‘mondonligi ostida kurashgan Ash-Shara’dan bu askarlarni haydab chiqarish, o‘ldirish yoki qamoqqa tashlanishini bilib turib vataniga topshirishni so‘rash ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Shunga o‘xshash har qanday qaror ko‘pchilikni qo‘zg‘olonga undaydi va mamlakatda tartibsizlik keltirib chiqaradi. Bu guruhlarni qurolsizlantirish va jamiyatga moslashishga majburlash muqobil va ayni payt natijasi mavhum yo‘l. Axir, ular umrining asosiy qismini jangchilar bilan o‘tkazgan odamlar-da.

Xalqaro hamjamiyat Suriya hukumati bilan hamkorlik qilishi va kadrlar tayyorlashga sarmoya kiritishi kerak. Jamiyatga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararni bartaraf etishning yagona yo‘li xorijliklarni doimiy fuqarolik yumushi bilan ta’minlash. Masalan, imkoniyatiga qarab fermer yoki quruvchi bo‘lib ishlashi mumkin. Boshqa tomondan mamlakat armiyasi faqat “Hay’at Tahrir ash-Shom” a’zolaridan iborat bo‘lmaydi.

Ash-Shara’ Bashar Asad armiyasidan qochganlarni yangi harbiy tizimga chaqirishi kerak. Bu mahalliy xalq va jahon hamjamiyatida ishonch uyg‘otadi. Xalqaro hamjamiyat sanksiyani butunlay bekor qilish evaziga Ash-Shara’dan shuni so‘rashi ehtimoli bor. Umuman, hokimiyatdagi o‘rinlar bo‘lishilsa, hech kim tizimni ag‘darishga urinmasligi kafolati kuchliroq. Aksincha, bunday islohot davlat boshqaruvini kuchaytiradi.