Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari ilk bor inson genlarini to‘liq o‘qish va tahlil qilish tadqiqotini o‘tkazdi.
Tadqiqot natijasida o‘zbekistonliklarda ilgari xalqaro ilmiy manbalarda qayd etilmagan o‘nlab yangi gen o‘zgarishlari aniqlandi. Ma’lumotlar xalqaro genetik bazalarga kiritildi.
Tekshiruvlarda qatnashgan bolalarning har ikkinchisida irsiy mutatsiyalar, 86 foizida esa kamida bitta “buzilgan” gen mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Olimlar bu holatni ayrim hududlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ulushining yuqoriligi bilan izohladi.
Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori, “O‘zbekistonning 1000 genomi” loyihasi rahbari professor Shaxlo Turdiqulovaning ta’kidlashicha, olingan natijalar aholining genetik holatini chuqurroq o‘rganish imkonini beradi. U nikohdan oldin genetik tekshiruv va profilaktika dasturlarini joriy etish muhimligini qayd etdi.
“O‘zbekistonning 1000 genomi” loyihasi aholining genetik xaritasini yaratish va milliy biobankni shakllantirishni maqsad qilgan bo‘lib, kelajakda kasalliklarni erta aniqlash va davolashda yordam beradi.
Ilg‘or texnologiyalar markazida biotexnologiya, genetika, nanotexnologiya va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borilmoqda. Markaz olimlari ilgari ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasini yaratishda ham ishtirok etgan.