BAA Ta’lim vazirligi maktablarda sun’iy intellektdan foydalanishni qat’iy tartibga soluvchi yangi qoidalarni tasdiqladi. Bu haqda Gulf News nashri xabar berdi.

Vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan yo‘riqnoma mamlakatdagi barcha ta’lim muassasalariga yuborilgan bo‘lib, ijrosi majburiy hisoblanadi. Hujjat ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalanishning yagona me’yorlarini belgilaydi. Unda akademik halollik, bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini himoyalash va bilimlarni adolatli baholash masalalariga alohida urg‘u berilgan.
Muhim bandlardan biri — 13 yoshdan kichik, ya’ni 7-sinfdan past o‘quvchilarga sun’iy intellektdan foydalanishni to‘liq taqiqlashdir. Vazirlik bu cheklov bolalarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda ularni ehtimoliy salbiy ta’sirlardan himoyalashga qaratilganini ta’kidladi.
Qoidalarga ko‘ra, o‘qituvchi ruxsatisiz sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan topshiriq, loyiha yoki hisobotlarni o‘quvchi o‘z ishi sifatida topshirishi man etiladi. Imtihon va nazorat ishlari vaqtida SIdan foydalanish mutlaqo taqiqlanadi. Shuningdek, mavzuni tushunmasdan turib, SI yaratgan matnlarni qayta ishlash ham qoidabuzarlik hisoblanadi.
Yo‘riqnomada kontent masalasiga ham qat’iy talablar qo‘yilgan. **BAA**ning diniy, milliy va madaniy qadriyatlariga zid, zo‘ravonlik, dezinformatsiya, kamsitish, kiberbulling yoki noqonuniy harakatlarga undovchi materiallardan foydalanish taqiqlanadi.
Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlar va intellektual mulkni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘qituvchilar, ota-onalar va o‘quvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini sun’iy intellekt platformalariga yuklash, mualliflik huquqi bilan himoyalangan materiallarni ruxsatsiz tarqatish, dipfeyk va shaxsni soxtalashtirish texnologiyalaridan foydalanish, barcha ishtirokchilarning roziligisiz darslarni yozib olish qat’iyan man etiladi.
Bundan tashqari, tasdiqlanmagan sun’iy intellekt platformalaridan foydalanish, maktab xavfsizlik tizimlarini chetlab o‘tish, jumladan VPN’dan foydalanish ham qoidabuzarlik sifatida baholanadi.