Bolalar va o‘smirlar kitob o‘qishdan voz kechayotganidan xavotirga tushgan Buyuk Britaniya ta’lim sohasi ekspertlari audio yordamida saboq berish usuliga alohida e’tibor qaratishni taklif qilmoqda. Hukumat ham mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

So‘nggi yillarda, dunyoning aksariyat mamlakatlarida bo‘lgani kabi, Qirollikda ham yoqimsiz tendensiya kuzatilmoqda. Endilikda yoshlar kitobdan zavq olmay qo‘ygan. 37 000 maktab o‘quvchisi o‘rtasida har yili o‘tkaziladigan Milliy savodxonlik jamg‘armasi (NLT) so‘rovi bolalarning atigi 34,6 foizi bo‘sh vaqtida kitob ochishini ko‘rsatdi.

Darvoqe, tadqiqot audio kontent ommabopligi ortayotganini isbotladi: 42,3 foiz audiokitob va podkast tinglashni yoqtirishini aytgan.

Shu bois ekspertlar va xayriya tashkilotlari ovozli kitoblarni yangi dasturga kiritishni so‘ramoqda. Bu chora yoshlarda kitobxonlikka qiziqishni jonlantirish, umumiy savodxonlikni oshirishga xizmat qilarkan.

NLT ijrochi direktori Jonatan Duglas ayni uslub a’lochi o‘quvchilarning yangi avlodini tarbiyalash, ta’lim inqirozini yengishga ko‘maklashishini ta’kidladi.
Binobarin, hamma mutaxassislar ham bu fikrga qo‘shilayotgani yo‘q. London universiteti professori Jon Mallan ovozli kitob an’anaviy qog‘oz nashrni to‘liq almashtira olmaydi, deya o‘qish va tinglash farqli jarayon ekanini ta’kidladi: biri ikkinchisidan farqli o‘laroq, faol ishtirok va tasavvur talab qiladi.

Britaniya hukumati yaqin kelajakda maktab o‘quv dasturiga kiritilgan o‘zgarish bo‘yicha oraliq hisobot chop etishni rejalashtirgan. Mazkur jarayonda audio kontentni o‘quv dasturiga kiritish masalasi ham hal etiladi. Ta’lim departamenti vakili “The Guardian” nashriga aytishicha, o‘qituvchilar ko‘p yildan beri yoshlarni turli yo‘llar bilan adabiy asarlar dunyosiga yetaklashga urinib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan ovozli kitob tinglash adabiyotga oshno bo‘lishning yana bir usuliga aylanishi mumkin.