Epidemiyalarga innovatsion tayyorgarlik ko‘rish koalitsiyasi (CEPI) Ebola virusining Bundibugyo shtammiga (BDBV) qarshi vaksinalarni ishlab chiqishni tezlashtirish maqsadida Moderna va yana ikki loyihaga qariyb 60 million dollar mablag‘ ajratadi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror Kongo Demokratik Respublikasi sharqida tarqalib borayotgan Ebola Bundibugyo virusi bilan bog‘liq vaziyat fonida qabul qilingan. Hozircha ushbu shtammga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki davolash usuli mavjud emas.

CEPI bosh direktori Richard Hatchettning aytishicha, yangi vaksinalarni bir necha oy ichida sinov bosqichiga olib chiqish mumkin. Uning ta’kidlashicha, preparatlarning tez tayyor bo‘lishi ularni xarid qilish va tarqatishni moliyalashtirish bo‘yicha muzokaralarni oldindan boshlash imkonini beradi.

Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida 282 ta kasallanish holati tasdiqlangan. Kasallanganlarning 42 nafari vafot etgan. Bundan tashqari, 1100 ga yaqin holat bo‘yicha tekshiruvlar davom etmoqda. Ugandada esa yana to‘qqiz nafar bemor aniqlanib, ulardan biri vafot etgan.

Global sog‘liqni saqlash tashkilotlari mazkur epidemiyani favqulodda holat sifatida baholagan.

CEPI tomonidan eng katta mablag‘ — 50 million dollargacha sarmoya Moderna kompaniyasining BDBV vaksinasini klinikagacha va dastlabki klinik sinovlardan o‘tkazish uchun yo‘naltiriladi. Dastlabki natijalar ijobiy bo‘lsa, mablag‘ning bir qismi ishlab chiqarish va keyingi bosqich sinovlariga ham sarflanadi.

Shuningdek, University of Oxford tomonidan ishlab chiqilgan va Serum Institute of India tomonidan ishlab chiqariladigan vaksina uchun 8,6 million dollargacha investitsiya ajratiladi. International AIDS Vaccine Initiative (IAVI) tomonidan yaratilayotgan vaksina loyihasi esa dastlabki bosqichda 3,2 million dollar mablag‘ oladi.

Richard Hatchettning qayd etishicha, vaksina ishlab chiqilgandan keyingi asosiy vazifa uni zarur hududlarga tez va samarali yetkazib berish bo‘ladi. U 2018—2020-yillarda Kongoda kuzatilgan Ebola Zair epidemiyasini nazorat qilish uchun 300 ming doza Ervebo vaksinasi talab etilganini eslatdi.

Bundan tashqari, Gavi, the Vaccine Alliance Ebolaga qarshi kurashish uchun 50 million dollargacha mablag‘ ajratishini ma’lum qilgan. World Bank Pandemic Fund esa ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 220,6 million dollargacha grant ajratishini e’lon qilgan.