OpenAI kompaniyasi ChatGPT foydalanuvchilari uchun navbatdagi yangilanishni e’lon qildi. Endilikda xizmatda GPT-5.3 Instant modeli ishga tushirildi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, yangi model foydalanuvchilar bilan muloqotni yanada tabiiy va qulay qilishga qaratilgan. GPT-5.3 Instant savollarga aniq javob berish bilan birga, internetdan dolzarb va ishonchli ma’lumotlarni qidirib topish imkoniyatiga ham ega.
Yangilanish tufayli chatbot bilan suhbatlar uzilib qolmasdan davom etadi, javoblar esa sodda va tushunarli tilda beriladi. Dasturchilar modelning suhbat davomida mavzudan chetga chiqib ketishi holatlarini kamaytirishga ham alohida e’tibor qaratgan.
Shuningdek, muloqotga xalaqit beruvchi ortiqcha izohlar ham qisqartirilgan. Buning o‘rniga yangi model ravon, jozibali va aniq matnlar yozish qobiliyatini yanada yaxshilagan.
Model yaratuvchilari hali ustida ishlanishi kerak bo‘lgan jihatlar ham borligini ta’kidladi. Xususan, botning ingliz tilidan boshqa tillarda ham tabiiy gaplashishi, shuningdek ovoz va ohangini jonli nutqqa yaqinlashtirish ustida ishlar davom etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, GPT-5.3 Instant allaqachon barcha foydalanuvchilar va dasturchilar uchun ochiq. API tizimida u “gpt-5.3-chat-latest” nomi bilan mavjud. Yaqin orada Thinking va Pro tariflari uchun ham qo‘shimcha yangilanishlar taqdim etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tilishicha, avvalgi GPT-5.2 Instant modeli Legacy Models ro‘yxatiga o‘tkazilgan. U pulli obunachilar uchun yana uch oy davomida ishlaydi va 2026-yil 3-iyunda rasman foydalanishdan chiqariladi.