ChatGPT xizmatida foydalanuvchi 18 yoshga to‘lmagan bo‘lishi mumkin, degan shubha tug‘ilganda tizim undan pasport orqali shaxsini tasdiqlashni so‘rayotgani kuzatildi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yoshni tasdiqlash jarayoni yakunlanmaguncha foydalanuvchi “faqat kattalar uchun” deb belgilangan mavzularni muhokama qilish imkonidan vaqtincha cheklanadi. Aytishlaricha, ba’zi hollarda ushbu so‘rov voyaga yetgan foydalanuvchilarda ham paydo bo‘lgan — ulardan biri 30 yosh bo‘lishiga qaramay tasdiqlashga chaqirilganini bildirgan.

OpenAI vakillari funksiyaning bosqichma-bosqich joriy etilayotganini va hozircha asosan ingliz tilida so‘zlashuvchi hududlarda sinov tariqasida qo‘llanilayotganini tasdiqladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, yangilikning asosiy maqsadi — yoshga oid cheklovlarga rioya etish hamda voyaga yetmaganlarni nomaqbul kontentdan himoya qilishni kuchaytirish.

Shuningdek, OpenAI pasport ma’lumotlari xavfsiz qayta ishlanishini qayd etdi: ma’lumotlar shifrlangan tarzda uzatiladi, faqat yoshni tekshirish uchun ishlatiladi va hujjatlar ochiq ko‘rinishda saqlanmaydi.

Yangi tizim foydalanuvchilar orasida turlicha munosabat uyg‘otdi. Ba’zi foydalanuvchilar buni raqamli xavfsizlikni oshirish va tartibga solish talablariga mos oqilona qadam sifatida baholamoqda. Boshqalar esa mexanizmni ortiqcha, ayrim hollarda esa noto‘g‘ri ishlayotganini ta’kidlab, kattalar ham asossiz cheklovlarga duch kelayotganini tanqid qilishdi.

OpenAI aniqlik kiritishicha, hozirgi versiya sinov rejimida bo‘lib, kompaniya foydalanuvchilar fikrlarini o‘rganmoqda va yoshni tasdiqlashning muqobil usullarini — jumladan bank kartalari yoki elektron identifikatorlardan foydalanishni — ko‘rib chiqmoqda.