OpenAI kompaniyasi ChatGPT ichida sog‘liq masalalariga bag‘ishlangan alohida bo‘lim — ChatGPT Health’ni taqdim etdi. Yangi bo‘lim foydalanuvchilarga tibbiy tahlillar va sog‘liqqa oid alomatlarni tushunish, shifokor qabuliga tayyorgarlik ko‘rish, turli treker ilovalari ma’lumotlarini izohlash hamda umumiy holatini baholashda yordam berishga mo‘ljallangan.

OpenAI ma’lumotiga ko‘ra, hozirda ChatGPT’dan sog‘liq bilan bog‘liq savollar uchun har hafta taxminan 230 million kishi foydalanadi. Kompaniya ta’kidlashicha, to‘liq kontekst bo‘lmagan holatlarda foydalanuvchilarga aniq va ishonchli ma’lumot berish qiyin bo‘lgani sababli xizmat doirasida alohida salomatlik bo‘limini joriy etishga qaror qilingan.

ChatGPT Health doirasidagi muloqotlar boshqa chatlardan ajratilgan holda saqlanadi va umumiy suhbatlarda ishlatilmaydi. Foydalanuvchilar sog‘lig‘ini aniqroq baholash uchun tibbiy hujjatlarni yuklashi, shuningdek Apple Health yoki MyFitnessPal kabi tashqi manbalarni ulash imkoniga ega bo‘ladi. Bu botga umumiy tavsiyalardan ko‘ra, foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlariga tayangan holda javob berish imkonini yaratadi.

Masalan, tahlil natijalari, jismoniy faollik darajasi, ovqatlanish rejimi yoki kundalik odatlarga asoslanib tushuntirishlar berilishi mumkin. Bu esa tekshiruv natijalarini yaxshiroq anglash, shifokorga beriladigan savollarni oldindan shakllantirish yoki holatdagi o‘zgarishlarni kuzatishga yordam beradi.

Shu bilan birga, OpenAI ChatGPT Health shifokor o‘rnini bosa olmasligini alohida ta’kidlaydi. Bo‘lim tashxis qo‘ymaydi va davolash bilan shug‘ullanmaydi. Uning asosiy vazifasi — foydalanuvchini kundalik sog‘liq savollari bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash va tibbiy maslahatga tayyorlashdir.

Maxfiylik masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Salomatlikka oid chatlar va fayllar kuchaytirilgan himoya ostida, alohida saqlanadi va maxsus shifrlashdan foydalaniladi.

Loyiha shifokorlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Oxirgi ikki yil davomida OpenAI turli mamlakatlardan yuzlab amaliyotchi mutaxassislar bilan ishlagan. Ular foydalanuvchini qaysi holatlarda mutaxassisga yo‘naltirish va murakkab tushunchalarni sodda tilda izohlash bo‘yicha tavsiyalar bergan.

ChatGPT Health bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Dastlab kichik foydalanuvchilar guruhi uchun ochiladi, keyinchalik esa barcha foydalanuvchilar uchun veb-versiya va iOS’da taqdim etilishi rejalashtirilgan. Bo‘lim to‘liq ishga tushgach, uni ChatGPT’ning chap tomondagi menyusidan topish mumkin bo‘ladi.