Telegram messenjeri navbatdagi keng ko‘lamli yangilanishini taqdim etdi. Yangi versiyada foydalanuvchilar uchun bir qator qulayliklar: guruh a’zolari uchun maxsus teglar, shaxsiy suhbatlar xavfsizligini oshirish vositalari, GIF-animatsiyalarni tahrirlash imkoniyati va boshqa ko‘plab funksiyalar joriy etildi. Quyida messenjerga qo‘shilgan asosiy funksiyalar haqida ma’lumot beriladi.

Guruh a’zolariga teglar qo‘yish

Foto: Habr.com

Endi guruh chatlari ishtirokchilari o‘z ismlari yoniga matnli teglar (yorliqlar) qo‘shishlari mumkin. Bu teglarda lavozim yoki rol, universitetdagi mutaxassislik yoki shunchaki qiziqishlarni ifodalashi mumkin. Masalan, qo‘shnilar guruhida kvartira raqamini, ishchi guruhda esa mutaxassislikni ko‘rsatish muloqotni ancha osonlashtiradi.

Foto: Habr.com

Administratorlar ushbu funksiyani o‘z xohishlariga ko‘ra sozlashi mumkin: teg qo‘shish huquqini faqat o‘zida qoldirishi yoki ishtirokchilarga mustaqil ravishda teg tanlashga ruxsat berishi mumkin. E’tiborli jihati, administratorlarning teglari har doim rang bilan ajralib turadi — bu guruhda kim rahbar ekanini bir qarashda tushunishga yordam beradi.

Shaxsiy chatlarda ma’lumot nusxalashni taqiqlash

Foto: Habr.com

2021-yilda guruh va kanallar uchun joriy etilgan kontentni himoya qilish funksiyasi shaxsiy chatlarga ham tatbiq etildi. Endi foydalanuvchilar istalgan shaxsiy suhbatdan ma’lumotlarni tashqariga chiqishini cheklab qo‘yishlari mumkin.

Agar chatda nusxa olish taqiqlangan bo‘lsa, suhbatdoshingiz:

• xabarlarni boshqalarga yubora olmaydi;

• matnlardan nusxa ololmaydi;

• skrinshot qila olmaydi;

• mediafayllarni qurilma xotirasiga saqlab ololmaydi.

GIF-animatsiyalar uchun izohlar va tahrirlash

Foto: Habr.com

Messenjerda GIF-animatsiyalar bilan ishlash tizimi tubdan yangilandi. Endi GIF panelidan animatsiya tanlayotganda, unga darhol izoh qo‘shish va barchasini bitta xabarda yuborish mumkin. Xuddi suratlar kabi, matnni animatsiyaning ustiga yoki ostiga joylashtirish imkoniyati mavjud.

Buning uchun panelda kerakli GIF-animatsiyani bosib turish va “Izoh qo‘shish” bandini tanlash kifoya. Shuningdek, GIF va stikerlarni endi Telegram’ning foto muharririda o‘zgartirish mumkin: matn yozish, rasm chizish, emojilar qo‘shish yoki animatsiyani kerakli joyidan kesib qisqartirish imkoni ham qo‘shildi.

Suratlardan darhol stiker yaratish

Foto: Habr.com

Endi Telegram’da duch kelgan istalgan suratingizni birgina harakat bilan shaxsiy stikerga aylantirishingiz mumkin. Yuborishdan oldin ularni tahrirlash, obyektlarni avtomatik kesish, matn yoki emoji qo‘shish imkoniyati bor. Tayyor bo‘lgan stikerni darhol “Saralanganlar”ga saqlash yoki o‘z to‘plamingizga qo‘shishingiz mumkin.

Foto: Habr.com

So‘rovnomalar va avtorizatsiya yangiliklari

• Ovoz berish vaqti: endi guruhdagi so‘rovnomalarda har bir foydalanuvchi aynan qaysi vaqtda ovoz bergani ko‘rinadi. Bu ishtirokchilarning faolligini kuzatishda qulaylik yaratadi.

Foto: Habr.com

• Telegram orqali avtorizatsiya: endi ko‘plab ilova va veb saytlarga uzoq anketa to‘ldirmasdan yoki yangi parol yaratmasdan, Telegram akkaunti orqali soniyalar ichida ro‘yxatdan o‘tish yoki tizimga kirish mumkin.

Botlar uchun yangi vizual effekt

Telegram’dagi botlar endi matnli javoblarni yanada qulay ko‘rinishda (harflarning ketma-ket chiqishi orqali) taqdim etishi mumkin. Bu vizual jihatdan muloqotni yanada yoqimli qiladi.