COVID-19 ga qarshi mRNK vaksinalari saraton bilan kurashayotgan ayrim bemorlar uchun kutilmagan darajada ijobiy natija berishi mumkin. The Japan Times xabariga ko‘ra, yangi ilmiy tadqiqotlar pandemiya davrida vaksinani olgan saraton bemorlari orasida yashash ko‘rsatkichlari sezilarli oshganini ko‘rsatmoqda.

Umn

Olimlar bu xulosaga mRNK vaksinasini qabul qilgan va qilmagan bemorlarning tibbiy natijalarini solishtirish orqali kelgan. Tadqiqot hali rasmiy tasdiqlanishi zarur, biroq dastlabki ma’lumotlar shunchalik aniqki, mutaxassislar bu yo‘nalishda keng ko‘lamli izlanishlarni boshlash kerakligini ta’kidlamoqda. Vaksinalarning arzonligi, oson topilishi va dorixonalarda mavjudligi ularni saratonga qarshi potentsial vosita sifatida qiziqarli obyektga aylantirgan.

Tadqiqot qanday boshlangan?

AQSHning Texas shtatidagi MD Anderson saraton markazi mutaxassisi Adam Grippin miya o‘smalariga qarshi maxsus mRNK vaksinasini yaratish ustida ishlayotgan edi. Hayvonlarda o‘tkazilgan dastlabki sinovlar davomida u mRNK vaksinalari immun tizimini kuchli faollashtirishi va o‘smalarning qisqara boshlaganini kuzatgan.

1 000 dan ortiq bemor ma’lumoti tahlil qilindi

Tadqiqotda rivojlangan o‘pka va teri (melanoma) saratoniga chalingan 1 000 dan ortiq bemorlar ishtirok etgan. Barcha bemorlarga saratonga qarshi zamonaviy davolash usuli — immunoterapiyaning “checkpoint ingibitorlari” turi qo‘llangan.

Tahlillar quyidagi natijalarni ko‘rsatgan:

  • Immunoterapiyadan 100 kun oldin mRNK COVID-19 vaksinasini olgan bemorlar — vaksinatsiya qilinmaganlarga nisbatan ikki baravar ko‘proq yashagan. Qaysi vaksinani olganlik (Pfizer yoki Moderna) farq qilmagan.
  • Gripp yoki pnevmoniya vaksinalari bunday ta’sir ko‘rsatmagan.
  • Vaksina immunoterapiya bilan bir vaqtda berilganda ijobiy natija qayd etilmagan — demak, vaqt omili juda muhim.

Mutaxassislarga ko‘ra, mRNK vaksinalari organizmning tug‘ma immun tizimini faollashtiradi — bu immunitetning eng tezkor, xavfga darhol javob beradigan qismi hisoblanadi. Massachusets shifoxonasi melanoma mutaxassisi Rayan Sallivan shunday deydi:

“Dastlab ishonmadim. Biroq tadqiqot juda puxta bajarilgan. Ma’lumotlar — juda ijobiy.”

Navbatda — klinik sinovlar

Olimlar bu natijalarni endi kengroq klinik tadqiqotlar orqali tekshirishga tayyorlanmoqda. Mutaxassislar bir qator savollarni o‘rganmoqchi:
— vaksina qachon yuborilganda maksimal ta’sir qiladi?
— u ko‘krak bezi, ichak yoki siydik pufagi saratoniga ham ta’sir ko‘rsatadimi?
— agar mRNK koronavirusni emas, bevosita immun tizimini faollashtiruvchi oqsilni kodlasa, natija yanada kuchli bo‘ladimi?

Ilm-fan hozircha aniq javoblar bermagan bo‘lsa-da, olimlarning fikricha, mRNK texnologiyasi saratonni davolashda yangi davr boshlashi mumkin.