Daniya milliy radiosi amerikaliklar Grenlandiya va Kopenhagenni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga urinayotganini da’vo qilmoqda. Shuningdek, orolda «yashirin ta’sir operatsiyalari» o‘tkazmoqda.

Daniya tashqi ishlar vazirligi AQSh muvaqqat ishlar vakilidan Amerikaning Grenlandiyadagi ta’sir kampaniyasi yuzasidan tushuntirish berishni talab qildi, deb yozadi AP. Avvalroq Daniya Milliy radiosi (DR) AQSh prezidenti Donald Trampga yaqin bo‘lgan kamida uch amerikalik Grenlandiyada «yashirin ta’sir qilish amaliyotlari» o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edi.

Daniya va Amerika hukumatlari va razvedka xizmatlaridagi noma’lum sakkiz manbaga tayanib, DR amerikaliklar Daniya va qirollik tarkibidagi avtonom hudud bo‘lgan Grenlandiya o‘rtasidagi munosabatlarni yomonlashtirishga urinayotganini da’vo qilmoqda. Milliy radioga ko‘ra, «ta’sir o‘tkazish operatsiyalari»dan maqsad mahalliy aholining Kopenhagen siyosatidan noroziligi sabablari haqida ma’lumot to‘plashdan iborat.

Xususan, amerikaliklarni 1960-1970-yillarda Grenlandiya tub aholisining majburiy sterilizatsiyasi va Daniya rasmiylari tomonidan mahalliy aholi oilalaridan bolalarni majburan olib chiqib ketish amaliyoti bilan bog‘liq mojaro qiziqtirgan, deb yozadi AP.

AFP ta’kidlaganidek, Daniya milliy radiosi amerikaliklar o‘z tashabbusi bilan yoki prezident Donald Trampning ko‘rsatmasi bilan harakat qilganini aniqlay olmadi.