«Derazali o‘rindiq» chiptasini sotib olgan yo‘lovchilarning ba’zilari aslida derazalar orasidagi o‘rindiqqa o‘tirishga majbur bo‘lgan.
Amerikaning United Airlines va Delta Air Lines aviakompaniyalari derazasiz o‘rindiqlarga «derazali o‘rindiq» sifatida sotilgan chiptalar tufayli jamoaviy sud da’volariga duch keldi. Huquqiy da’volar (.pdf) San-Fransisko va Bruklin federal sudlariga topshirilgan.
Qayd qilinishicha, «derazali o‘rindiq» chiptasini sotib olgan yo‘lovchilarning ba’zilari aslida derazalar orasidagi o‘rindiqqa o‘tirishga majbur bo‘lgan.
Bu ish bilan Greenbaum Olbrantz yuridik firmasi shug‘ullanmoqda. U derazasiz o‘rindiqlar uchun ortiqcha to‘lovdan norozi bo‘lgan yo‘lovchilar manfaatini himoya qiladi. Da’volarda qayd etilishicha, American Airlines, Alaska Airlines va boshqa aviatashuvchilar muayyan joylarda derazalar yo‘qligi haqida oldindan ogohlantiradi, United Airlines va Delta Air Lines esa yo‘q. Greenbaum Olbrantz hisob-kitoblariga ko‘ra, javobgar kompaniyalarning har biri kamida 1 millionta derazasiz o‘rindiqqa chipta sotgan.
«Samolyot derazalari injiq bolani o‘ziga jalb qilishi yoki chalg‘itishi mumkin. Ko‘pchilik odamlar parvoz qilishdan qo‘rqadi, klaustrofobiyadan yoki samolyotda tebranishdan aziyat chekadi, derazalar esa stressli vaziyatlarda ularga ko‘proq qulaylik yaratadi», deyiladi da’vo hujjatida.
Da’vo arizalarida aviachipta sotib olish ilovasining skrinshoti ko‘rsatilgan, unda yo‘lovchi «Deraza oldida» belgisi bo‘lgan joyni tanlagan, ammo samolyotda derazasiz joyga o‘tirgan.