O‘zbekistondagi barcha umumta’lim maktablarida 2031-yilgacha huquqiy savodxonlik dasturi to‘liq joriy etiladi. Bu prezidentning 10-noyabrda imzolangan farmonida belgilandi.

Vcc

Huquqiy tarbiya va huquqiy savodxonlikni maktablardan boshlab tizimli yo‘lga qo‘yish 2027–2031-yillarga mo‘ljallangan milliy dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

2026-yil dekabrigacha 1–11-sinf o‘quvchilari uchun huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

Unga ko‘ra, kichik sinflarda bolalarga o‘z huquqlari, o‘zaro hurmat va yordam so‘rash, keyingi sinflarda zo‘ravonlikdan himoyalanish, mehnat va iste’molchi huquqlari, yuqori sinflarda esa murojaat qilish, shartnoma va mehnat munosabatlari bo‘yicha tushunchalar beriladi.

Huquqiy savodxonlik mavzulari tarbiya faniga ham kiritiladi. O‘qituvchilar uchun Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida metodik qo‘llanma ishlab chiqiladi va qisqa malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Darslarda vaziyatli masalalar, huquq buzilganda qayerga va qanday murojaat qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkaziladi.

Dasturni amalga oshirish uchun Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Adliya vazirligi, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Sudyalar oliy kengashi va Odil sudlov akademiyasi mas’ul etib belgilangan.