Tarixda ilk bor nogironligi bo‘lgan shaxs kosmik parvozni amalga oshirdi. Germaniyalik muhandis Mikaela Benthaus Blue Origin kompaniyasiga tegishli New Shepard kosmik kemasi bilan suborbital parvozda ishtirok etdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, parvoz 20-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan va 11 daqiqa davom etgan. 33 yoshli Mikaela Benthaus belidan past qismi falaj bo‘lgan holda kosmosga parvoz qilgan ilk inson sifatida tarixga kirdi. U 2018-yilda velosipeddan yiqilib jarohat olgan va shundan buyon nogironlar aravachasida harakatlanadi.
Parvozdan so‘ng Benthaus ushbu tajribani hayotidagi eng unutilmas voqealardan biri sifatida baholagan. “Hech qachon orzulardan voz kechish kerak emas. Ularning amalga oshishi uchun har doim kichik imkoniyat mavjud”, — degan u qo‘nishdan ko‘p o‘tmay.
Uning ta’kidlashicha, bolaligidan kosmosga qiziqib kelgan bo‘lib, bunga “Yulduzlar jangi” filmini tomosha qilgani turtki bo‘lgan.
Blue Origin kompaniyasining 16-pilotli parvozi bo‘lgan ushbu missiyada jami olti nafar ekipaj a’zosi qatnashgan. Ular orasida germaniyalik aerokosmik muhandis Hans Kyonigsmann ham bo‘lgan. U 2021-yilgacha Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasida muhandis sifatida faoliyat yuritgan.
Qo‘nishdan so‘ng Kyonigsmann Yer va uning atmosferasi manzarasi nihoyatda ta’sirli bo‘lganini, koinot fonidagi qorong‘ulik esa kutganidan ham chuqurroq ko‘ringanini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, ushbu parvoz amerikalik milliarder Jeff Bezosga tegishli Blue Origin kompaniyasining 16-pilotli kosmik parvozi hisoblanadi. So‘nggi yillarda kompaniya orqali 80 ga yaqin badavlat mijoz qisqa muddatli kosmik parvozlarda ishtirok etgan. Parvoz chiptalari narxi oshkor qilinmagan.