BMTning Falastin qochqinlari agentligi (UNRWA) G‘azo sektorida tinchlik kelishuvi kuchga kirgach, ayrim maktablarda ta’lim jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
UNRWA rahbari Filipp Lazzarini ma’lumotiga ko‘ra, 25 mingdan ortiq o‘quvchi agentlik tashkil etgan vaqtinchalik ta’lim markazlarida o‘qishni boshlagan. Shuningdek, 300 mingga yaqin bola onlayn ta’lim olmoqda.
G‘azoning Nuseyrat shahridagi Al-Hassaina maktabida 1-noyabrdan boshlab darslar qayta yo‘lga qo‘yilgan. Biroq sinf xonalari, parta va stullar yetishmasligi sabab o‘quvchilar darslarni polda o‘tirib o‘tayotgani aytilmoqda.
11 yoshli o‘quvchi Varda Radvan urush va ko‘chishlar tufayli ikki yil o‘qishga bora olmaganini, ammo maktabga qaytganidan mamnunligini bildirgan.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi ikki yillik urush davrida ko‘plab UNRWA binolari, jumladan Al-Hassaina maktabi ham ko‘chib kelgan oilalar uchun boshpanaga aylangandi. Hozir ham ayrim oilalar shu joylarda istiqomat qilmoqda.
Falastinlik o‘quvchi Sham Al-Abd esa “bizga hozir daftar, kitob va qalamlar kerak, hayotimizni qaytarishni istaymiz”, deya ta’limni davom ettirishga umid bildirdi.
Hozircha UNRWA boshqaruvidagi Deir al-Bala qo‘shma boshlang‘ich maktabida bolalarga arab, ingliz tillari hamda matematika fanlari o‘qitilayotgani ma’lum qilindi.