Germaniya Ramshtayn havo bazasidan boshqarilgan AQSh dronlarining Yamanga bergan halokatli zarbalari uchun javobgar emas. Bunday qaror Germaniya Federal konstitutsiyaviy sudi tomonidan qabul qilindi.

AQSh harbiy-havo kuchlarining Reynland-Pfals federal yeridagi Ramshtayn aviabazasidan boshqarilgan AQSh dronlari Yamandagi nishonlarga zarba bergani bo‘yicha ishda Germaniya Qo‘shma Shtatlarga qarshi hech qanday chora ko‘rishga majbur emas. Karlsruedagi Federal konstitutsiyaviy sudi shunday qaror qabul qildi va shu tariqa Yamandan ikki da’vogarning shikoyatini rad etdi. Ular Germaniya Qo‘shma Shtatlar tomonidan xalqaro qonunlarga rioya etilishini talab qilishi kerakligini bildirdi.

Sud jarayoniga 2012 yilda AQSh dronlarining Yamanga uyushtirgan hujumi sabab bo‘lgan, hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Ular «Al-Qoida» terror tashkiloti a’zolari bilan uchrashgani aytiladi. Qurbonlarning ikki qarindoshi, Yaman fuqarolari, Ramshtayn aviabazasidan dronlarni boshqarish uchun foydalanish Germaniya zimmasiga mas’uliyat yuklaydi, deb hisoblaydi, shuning uchun ular Karlsrueda konstitutsiyaviy shikoyat bilan chiqdi.

2010 yilda AQSh qurolli kuchlari Germaniya Mudofaa vazirligiga Ramshtayn aviabazasida sun’iy yo‘ldosh retranslatsiya stansiyasi qurilishi haqida xabar bergan edi. U, boshqa narsalar qatori, hujumkor dronlarni boshqarish uchun ishlatiladi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Germaniya vazirligi o‘shanda hech qanday e’tiroz bildirmagan.

Da’vogarlar Germaniyada sud ishlarini 2014 yilda boshlagan. Myunster oliy ma’muriy sudi 2019 yilda federal hukumat Ramshtayn aviabazasidan foydalangan holda operatsiyalar o‘tkazish xalqaro huquqni buzishi yoki buzmasligini aniqlashi kerak degan qarorga keldi.