Germaniya Yevropada birinchi bo‘lib raketalarni aniqlashga mo‘ljallangan o‘z sun’iy yo‘ldosh tizimini yaratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Germaniya qurolli kuchlari — Bundesver kosmik kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Mixael Traut Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Trautning ta’kidlashicha, hozirda Yevropa kosmik imkoniyatlar va texnologiyalar borasida deyarli to‘liq AQSHga qaram. Shu bois raketalarni aniqlash va zarurat tug‘ilganda ularni to‘xtatish uchun Germaniya hamda Yevropaga tegishli mustaqil tizimlarni yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Unga ko‘ra, bunday tizimga ehtiyoj Rossiyaning uzoq masofaga uchuvchi “Oreshnik” ballistik raketasi paydo bo‘lishi bilan yanada kuchaygan. Mazkur raketa Ukrainaga qarshi kamida ikki marta qo‘llangani va uni tutib qolish juda qiyin ekani qayd etilmoqda. Financial Times yozishicha, bu holat Yevropaning raketa uchirilishini aniqlash borasidagi zaif tomonlarini ochiq ko‘rsatgan.
“Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 2029-yilga borib urushga tayyor bo‘lish haqida topshiriq bergan. Ammo kosmosda, zarur bo‘lsa, biz hozirdanoq jang qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak”, — degan Traut.
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush fonida Yevropa uchun raketa tahdidi kuchayib borayotgani raketa uchirilishini kuzatishni “operativ ustuvor vazifa”ga aylantirmoqda. Shu sababli Germaniya raketalarni aniqlashga mo‘ljallangan sun’iy yo‘ldosh tizimining asosini yaratishni rejalashtirmoqda. Loyiha dastlab milliy tusga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, general-mayor Traut Germaniya bu yo‘nalishda Yevropaning boshqa davlatlari bilan hamkorlik qilishga ochiq ekanini bildirgan.
Yevropa kosmik agentligi (ESA) bosh direktori Yozef Ashbaxer ham mazkur dastur bo‘yicha muzokaralar allaqachon boshlanganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, shu paytgacha ESA asosan koinotni tinch maqsadlarda o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan. Biroq 2025-yilda tashkilot a’zolari, jumladan Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan Buyuk Britaniya, Norvegiya va Kanada ilk bor ikki maqsadli dasturlarni moliyalashtirishga kelishib olgan.
“Germaniya bilan raketalarni kosmosdan kuzatish bo‘yicha Yevropa miqyosidagi yagona tizimli infratuzilmani yaratish imkoniyatlari muntazam muhokama qilinmoqda”, — degan Ashbaxer.