Google’ning bosh kompaniyasi Alphabet Hindistonning Andra-Pradesh shtatida sun’iy intellekt (SI) markazini barpo etish uchun 15 milliard dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Yangi markaz Visakhapatnam port shahrida quriladi va Google’ning 12 davlatdagi global SI markazlari tarmog‘iga qo‘shiladi.
“Bu AQSHdan tashqaridagi eng yirik sun’iy intellekt markazimiz bo‘ladi”, — dedi Google Cloud rahbari Tomas Kuryan Dehlida bo‘lib o‘tgan tadbirda.
Uning ma’lum qilishicha, ajratilgan mablag‘lar besh yil davomida bosqichma-bosqich yo‘naltiriladi. Mazkur qaror AQSH prezidenti Donald Tramp amerikalik kompaniyalarni ichki investitsiyani oshirishga chaqirayotgan bir vaqtda qabul qilindi. Shu bilan birga, Hindiston sun’iy intellekt va bulut texnologiyalari sohasida global markazga aylanib bormoqda — bunga mamlakatdagi arzon internet va foydalanuvchilar sonining ortishi sabab bo‘lgan.
Andra-Pradesh hukumati ma’lum qilishicha, loyiha bo‘yicha shartnoma 14-oktyabr kuni imzolanadi.
“Bu shtatimizning raqamli kelajagi, innovatsiyalar va xalqaro nufuzini oshirish yo‘lida muhim qadam”, — dedi shtatning texnologiyalar vaziri Nara Lokesh.
Data Center Magazine ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt infratuzilmasi, qayta tiklanuvchi energiya tizimlari va optik tolali internet tarmog‘ini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Bloomberg xabariga ko‘ra, shtat hukumati 2029-yilgacha 6 gigavatt quvvatga ega ma’lumot markazlarini rivojlantirishni rejalashtirgan. Hindiston hukumati xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida yer va elektr energiyasini subsidiya tarzida taklif qilmoqda.
Bugungi kunda Hindistonning ma’lumot markazlari sanoati so‘nggi besh yilda sezilarli o‘sib, 2024-yilda 1 gigavattlik quvvatdan oshgan, bu esa 2019-yilga nisbatan uch baravar ko‘p deganidir.