Ilon Maskka tegishli X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida faoliyat yurituvchi Grok sun’iy intellekt boti ayollar va voyaga yetmagan bolalarning shahvoniy mazmundagi soxta tasvirlarini yaratgani ortidan bir qator davlatlar platformaga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish bilan tahdid qildi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, X platformasiga integratsiya qilingan Grok boti foydalanuvchilar so‘rovi asosida real shaxslar, jumladan ayollar va voyaga yetmagan bolalarni kiyimsiz holatda tasvirlay olmoqda. Ushbu holat 2025 yil dekabr oyining oxirida botga “edit image” — rasmni tahrirlash funksiyasi qo‘shilgach, keng tarqalgan.
Malayziya hukumati Grok boti orqali ayollar va bolalarning tasvirlarini axloqsiz ko‘rinishga keltirish holatlari yuzasidan rasmiy surishtiruv boshlagan. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, bot malayziyalik ayollarning hijobsiz holatdagi soxta tasvirlarini ham yaratgan. Malayziya aloqa va multimedia komissiyasi bunday kontentni tarqatish jinoyat ekanini bildirib, X kompaniyasi vakillari tushuntirish berish uchun chaqirtirilishini ma’lum qilgan.
Dastlab Ilon Mask yuzaga kelgan vaziyatga kinoyaviy munosabat bildirgan. U o‘zining va boshqa mashhur shaxslarning tahrirlangan suratlariga kulgu ifodasi bilan javob qaytargan. Biroq xalqaro bosim kuchayganidan so‘ng, 4 yanvar kuni u rasmiy bayonot bilan chiqdi.
“Grok yordamida noqonuniy kontent yaratgan har qanday shaxs, xuddi shunday kontentni platformaga joylagan kabi jazolanadi. Bunday akkauntlar to‘liq bloklanadi”, deb yozdi Ilon Mask.
Hindiston hukumati ham ushbu masala yuzasidan X ma’muriyatiga rasmiy xat yuborib, sun’iy intellekt botini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni talab qildi. Dehli tomonidan ko‘rilgan choralar bo‘yicha 72 soat ichida hisobot taqdim etilishi so‘ralgan. Aks holda platformaga nisbatan jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishi mumkinligi bildirilgan.
Fransiya esa Grok botini shaxslarning roziligisiz noqonuniy shahvoniy kontent yaratishda ayblamoqda. Parij prokuraturasi X platformasiga nisbatan olib borilayotgan tergovni kengaytirib, unga bolalarga nisbatan zo‘ravonlik mazmunidagi kontentni tarqatish bilan bog‘liq yangi ayblovlarni qo‘shgan. Shuningdek, mazkur holat Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni talablarini buzishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, sun’iy intellekt orqali yaratilayotgan soxta tasvirlar bilan bog‘liq bunday mojarolar ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikni yanada kuchaytirishga olib kelishi mumkin.