Ilon Maskka tegishli xAI kompaniyasi Salvador hukumati bilan Grok chat-boti asosida maktab o‘quvchilari uchun ta’lim dasturini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Gr

Ma’lum qilinishicha, loyiha mamlakat bo‘ylab 5 mingdan ortiq davlat maktabida bosqichma-bosqich tatbiq etilishi rejalashtirilgan. xAI ushbu tashabbusni sun’iy intellektga asoslangan dunyodagi ilk umumiy milliy ta’lim dasturi sifatida baholamoqda.

Kompaniya bayonotiga ko‘ra, ikki yil ichida Grok Salvador maktablarida bir milliondan ortiq o‘quvchini o‘qitish jarayonida qo‘llanila boshlaydi. Dastur har bir o‘quvchining bilim darajasi, o‘rganish sur’ati va qiziqishlariga moslashtirilgan individual ta’lim muhitini yaratishga qaratilgan.

Ilon Maskning ta’kidlashicha, Grok’ni ta’lim tizimiga joriy etish ilg‘or sun’iy intellektni butun bir avlod uchun ochiq va kundalik vositaga aylantirish imkonini beradi. Bu orqali sun’iy intellekt faqat mutaxassislar emas, balki maktab yoshidan boshlab o‘quvchilar hayotining ajralmas qismiga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

xAI shuningdek, boshqa davlatlar bilan ham hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan va qo‘shma loyihalardan manfaatdor hukumatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga chorlagan.

Ma’lumot uchun, xAI — Ilon Mask tomonidan 2023-yilda tashkil etilgan sun’iy intellekt kompaniyasi bo‘lib, sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va tadqiq etish bilan shug‘ullanadi. Grok esa xAI tomonidan yaratilgan chat-bot bo‘lib, hozirda asosan X (sobiq Twitter) platformasi bilan integratsiyada ishlamoqda va boshqa sohalarda ham bosqichma-bosqich qo‘llanilmoqda.