Hindiston hukumati O‘zbekistonga tibbiyot yo‘nalishida o‘qish uchun ketayotgan talabalar ta’lim sifati mamlakatdagi Milliy tibbiyot komissiyasi talablariga mos bo‘lishi kerakligini ma’lum qildi. Bu haqda India Tribune Hindiston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi.

Nyu Dehlida o‘tkazilgan haftalik matbuot brifingida vazirlik matbuot kotibi Randhir Jaysval Hindiston hukumati bu masala bo‘yicha O‘zbekiston idoralari bilan doimiy muloqot olib borayotganini aytdi. Undan so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda MBBS yo‘nalishida tahsil olayotgan hindistonlik talabalar soni kamaygani haqidagi savolga javob berish so‘ralgan.
“Hukumat O‘zbekistonga ta’lim olish uchun ketayotgan, shu jumladan tibbiyot sohasini tanlagan talabalarimiz Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi standartlariga to‘liq mos keladigan sifatli ta’lim olishini ta’minlashga e’tiborini qaratgan”, dedi Randhir Jaysval.
Vazirlik vakili talabalarni Hindiston va O‘zbekistondagi “insofsiz elementlar” tomonidan aldash va ulardan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanishining oldini olish muhimligini ta’kidladi.
Shu sababli Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi va Milliy tibbiyot komissiyasi O‘zbekiston hamda boshqa xorijiy mamlakatlarga tibbiyot yo‘nalishida o‘qish uchun ketayotgan talabalar uchun tavsiyalar e’lon qilgan. Ularda oliygohga kirish va shartnoma tuzishdan oldin ta’lim muassasasidagi barcha sharoitlarni sinchiklab tekshirish tavsiya etilgan.
“Chiqarilgan tavsiyanomalarni diqqat bilan ko‘rib chiqishingizni so‘rayman. Shunda jarayonlar nega aynan bunday kechayotganini aniqroq tushunasiz”, dedi TIV kotibi.
Talabalar uchun beshta asosiy talab
2026-yil aprel oyida Hindiston Milliy tibbiyot komissiyasi xorijda tibbiy ta’lim olishni rejalashtirayotgan talabalar uchun alohida ogohlantirish e’lon qilgan. Unda ayrim hindistonlik talabalar belgilangan talablarga javob bermaydigan, ruxsatsiz yoki ofshor dasturlar asosida faoliyat yuritadigan xususiy tibbiyot kollejlariga o‘qishga kirayotgani qayd etilgan.
Bunday muassasalarda o‘quv jadvali, ta’lim muddati va tayyorgarlik standartlari Hindistonda belgilangan majburiy talablarga mos kelmasligi aytilgan.
Komissiya bo‘lajak shifokorlar xorijda ta’lim olayotganda quyidagi besh talabga rioya etishi kerakligini bildirgan:
- o‘quv kursining davomiyligi;
- ta’lim tili;
- o‘quv dasturi va rejasi;
- klinik amaliyot;
- amaliyot.
Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu talablarga rioya qilinmasligi talabaning kelgusida Hindistonda shifokor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va kasbiy litsenziya olishini cheklashi, shuningdek, diskvalifikatsiyaga olib kelishi mumkin.