Hindistonning “eng toza shahri” deb tan olingan Indorda ifloslangan suv iste’mol qilish oqibatida kelib chiqqan diareya (ichketish) epidemiyasi kamida 10 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, yuzlab odamlar shifoxonalarga yotqizildi. Bu haqda The Independent xabar berdi.

Dekabr oyi oxiridan boshlab Indor shahrining Bagiratpura tumanida 1000 dan ortiq kishi ifloslangan suv ichishi oqibatida diareya alomatlari bilan tibbiy yordamga murojaat qilgan. 2-yanvar kuni shahar meri Pushyamitra Bhargava epidemiya tufayli kamida 10 ta o‘lim holati qayd etilganini tasdiqladi. Biroq mahalliy aholi qurbonlar soni ancha ko‘p ekanini aytmoqda. Sog‘liqni saqlash departamenti hozircha o‘lim soni bo‘yicha rasmiy yakuniy ma’lumotni taqdim etmadi.

Zaharlanish sababi: suv quvuridagi nosozlik

Mahalliy tibbiyot kolleji tomonidan tayyorlangan laboratoriya xulosalariga ko‘ra, taxminan 15 ming kishi istiqomat qiladigan aholi zich joylashgan hududdan olingan suv namunalari ifloslangani aniqlandi. Bunga asosiy ichimlik suvi quvuridagi yoriq (sizish) sabab bo‘lgan. Suv tahlili quvurda zararli bakteriyalar borligini tasdiqlagan.

“Sog‘liqni saqlash departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Bagiratpurada diareya oqibatida to‘rt kishi vafot etgan. Biroq shaxsan menga 10 ta o‘lim holati haqida ma’lumot kelib tushdi”, dedi Bhargava.

Rasmiylarning bildirishicha, suv quvuridagi yoriq Bagiratpuradagi politsiya binosi yaqinida aniqlangan. E’tiborga molik tomoni, ushbu hududda bevosita ichimlik suvi quvurining ustiga hojatxona qurilgani ma’lum bo‘ldi. Oxirgi to‘qqiz kun ichida tumanda 1400 dan ortiq kishi qayt qilish va ichketishdan azob chekmoqda.

Kasalxonalardagi holat

Indor shahar bosh shifokori Madhav Prasad Hasani Reuters agentligiga bergan intervyusida shunday dedi:

“Men qurbonlar soni bo‘yicha aniq bir narsa deya olmayman, lekin birgina hududning o‘zidan 200 dan ortiq kishi shahar shifoxonalarida davolanmoqda. Suv namunalarining yakuniy hisobotini kutyapmiz”.

Sog‘liqni saqlash departamenti rasmiysiga ko‘ra, 1-yanvar oqshomiga qadar 272 nafar bemor shifoxonaga yotqizilgan bo‘lib, ulardan 71 nafariga uyiga javob berilgan. Kasalxonada qolayotgan 201 nafar bemordan 32 nafari intensiv terapiya (reanimatsiya) bo‘limida davolanmoqda.

“Eng toza shahar” unvoni va sud qarori

Madxya Pradesh Oliy sudi 2-yanvar kuni munitsipal korporatsiyaga hududni qo‘shimcha suv tankerlari bilan ta’minlashni buyurdi va hukumatni “Indor go‘zalligini asrab qolishga” chaqirdi. Indor shahri federal hukumat tomonidan o‘tkaziladigan umummilliy tozalik so‘rovnomalarida ketma-ket sakkiz yil davomida Hindistonning “eng toza shahri” deb topilib, reytingda birinchi o‘rinni egallab kelayotgan edi.