Xitoy va Buyuk Britaniya olimlari insultdan so‘ng nutqi buzilgan bemorlar uchun yangi texnologik yechim ishlab chiqdi. Bo‘yinga taqiladigan mazkur qurilma bemorning bo‘yin va ovoz mushaklaridagi eng mayda harakatlarni qayd etib, ularni sun’iy intellekt yordamida nutq tovushlariga aylantiradi. Tadqiqotchilar ushbu texnologiya bemorlarga o‘z fikrlarini yana og‘zaki ifoda etish imkonini berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Kembrij universiteti professori Luiji Okkipintining tushuntirishicha, insultdan keyin ko‘plab bemorlarda dizartriya rivojlanadi. Ushbu holatda yuz, og‘iz va bo‘yin mushaklari ustidan nazorat susayadi, miya va tomoq o‘rtasidagi signallar to‘liq yetib bormaydi. Natijada bemor gapirishni xohlasa-da, nutqni to‘g‘ri ifodalay olmaydi. Bu esa muloqotning cheklanishiga, ruhiy bosim va ijtimoiy ajralishga olib keladi.
Mutaxassislar dizartriya insultdan keyin eng ko‘p uchraydigan asoratlardan biri ekanini qayd etadi. Ayrim bemorlar butunlay gapirish qobiliyatini yo‘qotsa, boshqalarida nutq noaniqlashadi, sekinlashadi yoki so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish qiyinlashadi. Bunday holat kundalik hayot sifatini sezilarli darajada pasaytiradi.
Yangi qurilma aynan shu muammoni hal etishga qaratilgan. Sun’iy intellekt asosidagi tizim bo‘yin mushaklarining mikroharakatlari, uyqu arteriyasidagi puls hamda bemorning hissiy holatini aks ettiruvchi biomarkerlarni tahlil qiladi. Marjon shaklida bo‘yinga taqiladigan moslama datchiklar va kichik dinamiklardan iborat.
Bemor biror so‘zni aytishga uringanida, tizim mushaklar tarangligi va pulsdagi o‘zgarishlarni qayd etadi. Ushbu ma’lumotlar asosida sun’iy intellekt aytilmoqchi bo‘lgan so‘z va jumlalarni aniqlab, ularni ovozli nutqqa aylantiradi. Olimlar hissiy holat haqidagi ma’lumotlar nutqni yanada aniqroq tiklashga yordam berishini bildirgan.
Qurilmaning dastlabki prototipi Xitoyda insultdan keyin dizartriya rivojlangan besh nafar ko‘ngilli ishtirokida sinovdan o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, tizim so‘zlarning atigi 4,2 foizini, jumlalarning esa 2,9 foizini noto‘g‘ri aniqlagan. Ishtirokchilar muloqot qilish ancha osonlashganini, hayotdan qoniqish darajasi esa 55 foizga oshganini qayd etgan.
Olimlar ushbu texnologiya kelajakda yanada takomillashtirilib, keng joriy etilsa, insultdan keyin nutq buzilishlari bilan yashayotgan minglab bemorlar uchun samarali yordam vositasiga aylanishiga umid bildirmoqda.