iPhone savdosi 2025-yilning so‘nggi uch oyida tarixiy rekord darajaga yetdi. Yangi iPhone 17 seriyasi tufayli sotuvlar keskin oshdi. Bu haqda Apple kompaniyasi hisobotiga tayanib BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, kompaniya daromadi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga oshib, 144 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Apple uchun 2021-yildan beri qayd etilgan eng yuqori o‘sish bo‘ldi. Savdoning keskin oshishiga Xitoy, Yevropa, AQSH va Yaponiya bozorlaridagi yuqori talab sabab bo‘lgan.
Biroq kompaniyaning boshqa mahsulotlari savdosida pasayish kuzatilgan. Xususan, Apple Watch va AirPods kabi qurilmalarni o‘z ichiga olgan aksessuarlar savdosi qariyb 3 foizga, Mac kompyuterlari savdosi esa 7 foizdan sal ko‘proqqa kamaygan.
Apple bosh direktori Tim Kuk iPhone savdosining keskin oshishini izohlar ekan, kompaniya hozirda talabni qondirishda cheklovlarga duch kelayotganini ta’kidlagan.
“Hozirda mijozlarning juda yuqori darajadagi talabini to‘liq qondirishda cheklanganmiz. iPhone 17 ga bo‘lgan talab biz kutganimizdan ham oshib ketdi”, — degan Tim Kuk moliyaviy tahlilchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda.