Italiya politsiyasi Swoads nomli sun’iy intellekt tizimi yordamida 2023-yil noyabridan buyon 300 dan ortiq kartina va haykallar, shuningdek, 165 mingdan ziyod tanga, medal va qo‘lyozmalarni aniqlab, qaytarishga erishdi. Ularning umumiy qiymati 203 million yevrodan oshadi. Bu haqda BBC yozmoqda.
Tizim san’at asarlarining ranglari va shakllarini taqqoslab, o‘xshashliklarni aniqlaydi. Hatto kartinadagi ayrim tasvirlar o‘zgartirilgan bo‘lsa ham, sun’iy intellekt uning asl nusxasini tanib olishi mumkin.
2024-yil oktabr oyida Italiyaning Parma shahrida o‘tkazilgan qadimiy buyumlar yarmarkasida politsiya xodimlari namoyish etilgan san’at asarlarini suratga olib, tizimga yuklagan. Sun’iy intellekt qo‘lida o‘rama bitik ushlab turgan yosh ayol tasvirlangan kartinani aniqlagan.
Tekshiruv natijasida bu 2004-yilda Sulmona shahridagi cherkovdan o‘g‘irlangan XVII asrga oid kartina ekani ma’lum bo‘lgan. Unda Rimlik Avliyo Agnes tasvirlangan. Jinoyatchilar asarni tanib bo‘lmaydigan qilish uchun uning ayrim qismlarini o‘zgartirgan. Jumladan, avliyoning qo‘lidagi qo‘zichoq o‘rniga bitik chizilgan, boshi ustidagi nurli halqa va palma novdasi olib tashlangan.
Biroq sun’iy intellekt o‘g‘irlangan san’at asarlarini o‘z-o‘zidan qaytarib bera olmaydi. U faqat o‘xshashliklarni aniqlashga yordam beradi. Asarlarni qonuniy egalariga qaytarish tergovchilar faoliyati va huquq-tartibot organlari o‘rtasidagi hamkorlikka bog‘liq.
Italiya 2027-yilgacha o‘g‘irlangan san’at asarlarini aniqlashga qaratilgan xalqaro tizim yaratishni rejalashtirmoqda.