Italiyalik olimlar barqaror oziq-ovqat ishlab chiqarish yo‘lida yangi yondashuvni taklif qildi — laboratoriyada o‘stirilgan o‘simlik hujayralari va meva qoldiqlaridan ozuqaviy qiymatga ega pishiriqlar tayyorlanib, ular 3D-printerda chop etilmoqda. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.

ENEA davlat tadqiqot agentligi tomonidan ilgari surilayotgan loyiha Nutri3D deb nomlanadi. Ishlab chiqilgan prototiplar orasida tamaddi barlar hamda yaltiroq, asalli “marvaridlar” mavjud bo‘lib, ularda ta’m va muhim ozuqaviy qiymat saqlab qolingan.
ENEA’ning “Qishloq xo‘jaligi 4.0” laboratoriyasi rahbari Silvia Massaning ta’kidlashicha, haydaladigan yerlar qisqarib borayotgani va iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat ishlab chiqarishga yangicha qarash zarur. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad o‘simlikning o‘zini emas, balki uning hujayralarini yetishtirishdan iborat.
Shunga o‘xshash tashabbuslar Yevropaning boshqa davlatlarida ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Finlyandiyada hujayra yetishtirish orqali meva kompotlari tayyorlangan bo‘lsa, Shveysariyaning Tsyurix shahrida kakao ta’miga ega mahsulotlar yaratilgan.
Loyiha EltHub — ELT Group tarkibiga kiruvchi xususiy texnologik R&D kompaniyasi hamda organik oziq-ovqat mahsulotlariga ixtisoslashgan Rigoni di Asiago oilaviy kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Abruzzo viloyatidagi EltHub laboratoriyasida ENEA tomonidan yaratilgan o‘simlik asosidagi “siyoh” 3D-printer yordamida shakllantirilmoqda.
ENEA o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 59 foizi bunday oziq-ovqat mahsulotlarini tatib ko‘rishga tayyorligini bildirgan. EltHub direktori Ermanno Petriccaning aytishicha, ushbu texnologiya resurslar cheklangan sharoitlarda — masalan, kosmosda yoki urush hududlarida ayniqsa foydali bo‘lishi mumkin. Shu sababli u bu mahsulotlarni “kosmonavtlar uchun meva” deb atagan.
Ma’lumot uchun, Rim shahridagi Impact Food nomli o‘simlikka asoslangan steykxaus allaqachon o‘z menyusiga 3D-printerda chop etilgan bo‘laklangan “go‘sht” mahsulotlarini kiritgan.