Janubiy Koreyada 13-noyabr kuni 500 mingdan ortiq abituriyent oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonini topshirdi. Jarayonning muhimligi sababli barcha parvozlar 35 daqiqaga to‘xtatildi, deb xabar berdi Reuters.
Imtihon kunida abituriyentlar o‘z joylariga o‘z vaqtida yetib borishi uchun politsiya jalb etildi. Soat 13:05 dan 13:40 gacha barcha aeroportlarda, jumladan Incheon xalqaro aeroportida ham, parvozlar to‘xtatildi — aynan shu vaqtda abituriyentlar ingliz tili eshitish bo‘yicha testni topshirgan.
Cheklov tufayli 140 ta reys, shu jumladan 65 ta xalqaro parvoz kechiktirildi. Samolyotlarga 3 ming metr balandlikdan pastda uchmaslik tavsiya etildi.
Shahar hayoti ham imtihonga moslashtirildi: moliya bozorlari va davlat idoralari o‘sha kuni odatdagidan bir soat kechroq ish boshladi, bu esa imtihonga yetib borishni osonlashtirish uchun amalga oshirildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda imtihon topshiruvchilar soni 554 mingdan oshib, so‘nggi 7 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Ularning aksariyati 2007-yilda tug‘ilgan — o‘sha yili mamlakatda “omadli avlod” deb atalgan bolalar soni keskin ko‘paygan edi.