1952 yildan beri eng kuchli zilzila Kamchatka qirg‘oqlarida sodir bo‘ldi. Rossiya, AQSh va Yaponiyada sunami haqida ogohlantirishlar e’lon qilingan.

30 iyul, chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Uzoq Sharq sohillari yaqinida Rixter shkalasi bo‘yicha sakkiz balli zilzila sodir bo‘ldi. Rossiya Fanlar akademiyasi Geofizika xizmatining Kamchatka bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1952 yildan beri eng kuchlisi bo‘lgan. AQSh Geologiya xizmati uni 8,8 ballga baholamoqda. Unga ko‘ra, u Kamchatkaning sharqiy qirg‘og‘idan taxminan 136 kilometr uzoqlikda, 19,3 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan.

Zilziladan keyin ko‘tarilgan to‘lqinlar natijasida Rossiyaning Severo-Kurilsk shahridagi port qisman suv ostida qoldi, deb xabar bermoqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati. Kamchatkada zilzila oqibatida viloyat markazidagi bolalar bog‘chasi fasadining bir qismi qulab tushdi — hech kim jabrlanmadi. Petropavlovsk-Kamchatskiyga sunami tahdidi yo‘q, dedi Kamchatka o‘lkasi favqulodda vaziyatlar vaziri Sergey Lebedev.

Alyaskadagi Aleut orollari va AQShning Havayi orollari uchun sunami haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Havayida rasmiylar ayrim hududlarni evakuatsiya qilishni buyurdi, deb xabar bermoqda Reuters. Shtat poytaxti Honolulu aholisidan shaharning bir qismini tark etish yoki binoning to‘rtinchi qavatiga ko‘tarilish talab qilingan.

Yaponiyaning qirg‘oqbo‘yi hududlarida ham sunami haqida ogohlantirish ham amal qilyapti. Mamlakat meteorologiya agentligi balandligi bir metrgacha bo‘lgan to‘lqinlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Mahalliy Kyodo axborot agentligining xabar berishicha, mamlakat sharqida ayrim poyezdlar qatnovi to‘xtatilgan.