Gretsiyaning Krit oroli osmoni Afrikadan kelgan kuchli qum bo‘roni sabab to‘q sariq va qizil rangga kirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Noqulay ob-havo tufayli bir qator aviareyslar yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Jumladan, Iraklion xalqaro aeroportida ko‘rish darajasi keskin pasayib, kamida ikki samolyot boshqa aeroportlarga qo‘ndirildi. Ko‘rish masofasi taxminan 1000 metrgacha tushib ketgani sabab ayrim reyslar kechiktirildi.
Qum bo‘roni nafaqat aviatsiyaga, balki hududlarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Iyerapetrada qum to‘lqinlari qirg‘oqdagi uylargacha yetib bordi, Paxiya-Ammos hududida esa kuchli shamol va tornado yuk mashinasini ag‘darib yuborgan. Chang va qum butun orolni qoplab, havo sifatini keskin yomonlashtirdi.
Ma’lum qilinishicha, Iraklion shahri ayni damda go‘yoki Sahroyi Kabirni eslatmoqda — Afrika changi shaharni “parda”dek o‘rab olgan, port hududi deyarli ko‘rinmayapti. Hodisa ayni paytda eng yuqori cho‘qqisiga yetgani, kunning ikkinchi yarmida esa asta-sekin pasayishi kutilayotgani aytilgan.
Qum buluti Retimno shahrini ham qoplab olgan bo‘lib, kuchli janubiy shamollar vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Rasmiylar aholiga ehtiyot choralarini ko‘rish, zarurat bo‘lmaganda tashqariga chiqmaslik va avtomobil boshqarishda diqqatli bo‘lishni tavsiya qilgan.
Meteorologlar ma’lumotiga ko‘ra, 1-aprel kuni havodagi chang miqdori 1 kub metrda 1000 mikrogrammdan oshib, juda yuqori darajaga yetgan.