Buyuk Britaniyada faoliyat yurituvchi Kindred Squared xayriya tashkiloti o‘tkazgan tadqiqot bolalar rivojlanishida tashvishli tendensiyalarni ko‘rsatdi. Natijalarga ko‘ra, maktab yoshiga yetgan bolalarning 28 foizi qog‘oz kitobdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalariga ega emas. Ayrim bolalar sahifalarni sensorli ekran deb qabul qilib, ularni bosishga yoki “surishga” urinadi.
Tadqiqotda bolalarning o‘qish darajasi emas, balki kitobdan kundalik foydalanish ko‘nikmalari — sahifalarni varaqlash, kitobni tutish va undan foydalanish usullari baholangan. Ota-onalarning 44 foizi bu kabi oddiy ko‘nikmalar maktabgacha yoshdayoq shakllanishi kerak, deb hisoblaydi. Biroq pedagoglar real vaziyat bundan murakkabroq ekanini ta’kidlamoqda.
So‘rovda qatnashgan o‘qituvchilar ma’lumotiga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining qariyb to‘rtdan bir qismi maktabda hanuzgacha hojatxonadan mustaqil foydalana olmaydi. Shuningdek, ayrim bolalarda mustaqil ovqatlanish va ichish kabi eng oddiy kundalik ko‘nikmalar ham yetarli darajada shakllanmagan.
Mutaxassislar buni bolalarning erta yoshdan raqamli texnologiyalarga haddan tashqari bog‘lanishi bilan izohlaydi. Avvalgi tadqiqotlar ekran qarshisida uzoq vaqt o‘tkazish nutq rivoji, ijtimoiy muloqot va harakat ko‘nikmalarining sekinlashuvi bilan bog‘liqligini ko‘rsatgan. O‘smirlar orasida esa bunday odatlar diqqat yetishmovchiligi, semirish va ruhiy salomatlikka doir xavflarni oshirishi qayd etilgan.
So‘nggi paytlarda sun’iy intellekt asosidagi muloqot ham qo‘shimcha xavf omili sifatida tilga olinmoqda. Mutaxassislar bunday texnologiyalarga hissiy bog‘lanish real ijtimoiy aloqalarni siqib chiqarishi va psixologik muammolarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantiradi. Shu bois, bolalar tarbiyasi va rivojlanishida zamonaviy texnologiyalardan me’yor va mas’uliyat bilan foydalanish zarurligi yana bir bor ta’kidlanmoqda.