Yerga tezlik bilan yaqinlashib kelayotgan 3I/ATLAS kometasi so‘nggi kunlarda sezilarli darajada xiralashgani kuzatilmoqda. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar institutiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Oyy

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, kometaning yulduz kattaligi 10,1 dan 10,6 gacha o‘zgargan. Bu uning atigi olti kun ichidagi yorqinligi deyarli 63 foizga kamayganini anglatadi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, garchi kometa Yerga bo‘lgan masofani 10 million kilometrga qisqartirgan bo‘lsa-da, uning yorqinligi pasayishda davom etmoqda. Buning asosiy sababi sifatida kometaning asta-sekin Quyoshdan uzoqlashayotgani ko‘rsatildi. Kometalar yorqinligini asosan Quyosh nuri qaytganda namoyon etadi, nurlanish kamaygani sayin ularning ko‘rinishi xiralashadi.

Astronomlar, shuningdek, ichki omillar — masalan, yadroning tuzilishidagi o‘zgarishlar albedoning pasayishiga olib kelishi mumkinligini ham istisno qilmayapti.

Shunga qaramay, 3I/ATLAS hozircha osmondagi eng ko‘zga tashlanadigan obyektlardan biri bo‘lib qolmoqda. U kuzatuv uchun mavjud yuzlab kometalar orasida to‘rtinchi o‘rinda turadi. Reytingda birinchi o‘rinni C/2025 A6 (Lemmon) kometasi egallagan.

3I/ATLAS kometasi ilk bor 1-iyul kuni aniqlangan. Tadqiqotlar uning boshqa yulduz tizimidan kelgani va yoshi 7,5 milliard yildan oshishini ko‘rsatmoqda — bu esa uni Quyoshdan ham taxminan 3 milliard yil katta ekanini anglatadi.