Texnologiya va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha dunyoning yetakchi ekspertlari sun’iy intellekt (SI) xavfsizligi masalalarini muhokama qilish uchun yig‘ildi. Uchrashuv davomida ular ekstremistik guruhlar SI’dan foydalanib atayin yaratishi mumkin bo‘lgan, global pandemiyani yuzaga keltiradigan gipotetik biologik tahdid ssenariysini ko‘rib chiqdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Mutaxassislar muhokama qilgan ssenariy ilmiy-fantastik roman syujetiga o‘xshash bo‘lsa-da, ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu — yaqin yillarda real hayotda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xavf. Hisobotda qayd etilishicha, bunday ssenariy yuzaga kelsa, dunyo bo‘yicha 850 million kishi kasallanishi, 60 milliondan ortiq o‘lim holati kuzatilishi taxmin qilinmoqda.
AI: ulkan imkoniyat va katta xavf
Sun’iy intellekt tibbiyotda katta siljishlarni amalga oshirmoqda — yangi dori vositalari va vaksinalar ishlab chiqishda mutaxassislarga yordam beryapti. Shu bilan birga, ekspertlar SI imkoniyatidan yovuz maqsadlarda foydalanish ehtimoli insoniyat uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ham ta’kidladi.
Fevral oyida “Yadroviy tahdid tashabbusi” hamda “Myunxen xavfsizlik konferensiyasi” tashabbusi bilan tuzilgan ekspertlar guruhi SIning keskin rivojlanishi biologik qurol yaratish imkoniyatini kengaytirayotganidan xavotir bildirgan edi.
Ularning xulosasiga ko‘ra, pandemiya darajasidagi xavfga ega bo‘lgan yangi patogenlarni SI yordamida yaratish texnik jihatdan yaqin kunlardayoq mumkin bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, mavjud xavfsizlik mexanizmlari bunday tahdidlarga qarshi yetarlicha tayyor emasligi ham qayd etilgan.
Taklif etilgan choralar
Mutaxassislar global yetakchilarni SI asosidagi biologik tahdidlarni baholash va ularga javob berish borasida kuchliroq xalqaro hamkorlikka chaqirmoqda.
Shuningdek, ular xavflarni boshqarish jarayoni SI texnologiyalarining ijobiy imkoniyatlariga to‘sqinlik qilmasligi, ilmiy innovatsiyalar uchun ortiqcha cheklovlar qo‘yilmasligi lozimligini ta’kidlamoqda.
Mutaxassislarning fikricha, aynan shu muvozanat kelajakdagi texnologik xavfsizlikning asosiy omiliga aylanadi.