Sentyabr oyidan F-35 Niderlandiya qiruvchi samolyotlari Norvegiya bilan birgalikda Polsha ustidan NATO havo hududini qo‘riqlaydi, deb ma’lum qildi Niderlandiya mudofaa vaziri.

Sentyabr oyidan Niderlandiyaning F-35 ko‘p maqsadli yashirin qiruvchi samolyotlari Norvegiya bilan birgalikda Polsha ustidan NATO havo hududini qo‘riqlaydi. Bu haqda X ijtimoiy tarmog‘ida Niderlandiya mudofaa vaziri Ruben Brekelmans ma’lum qildi.

«Biz NATOning sharqiy qanotini himoya qilishimiz Niderlandiya xavfsizligi uchun muhim», — dedi idora rahbari. «Biz Rossiyani shunday tiyib turib, Ukrainaning ta’minot liniyalarini himoya qilamiz».

Brekelmansning qo‘shimcha qilishicha, Niderlandiya Polsha bilan harbiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha shartnoma imzolamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qo‘shma mashg‘ulotlar sonining ko‘payishiga, shuningdek, havo mudofaasi va mudofaa sanoati sohasida hamkorlikning mustahkamlanishiga olib keladi.

30 iyun kuni Norvegiya Mudofaa vazirligi NATOning havo va raketalarga qarshi mudofaa tizimi doirasida Polshaga F-35 qiruvchi samolyotlari yuborilishini e’lon qildi. Idoraga ko‘ra, bu hissa Jyeshuv-Yasenki aeroporti atrofida va Polsha havo hududida xavfsizlikni ta’minlashga yordam beradi.

«F-35 samolyotlari kuzda xizmat olib borishni boshlaydi», — deyiladi press-relizda. Norvegiya mudofaa vaziri Tore Sandvik bu qadamlar Varshava va Kiyevni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatning NATO oldidagi majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

May oyi oxirida Niderlandiya F-16 qiruvchilarini Ukrainaga topshirishni yakunladi. Niderlandiya samolyotlarni topshirishdan tashqari, uchuvchilar va texniklarni tayyorlamoqda hamda o‘z harbiy doktrinalarini Ukraina bilan bo‘lishmoqda, dedi Brekelmans o‘shanda ittifoqchilarni yana Ukrainaga maksimal darajada yordam berishda davom etishga chaqirib.