Olimlar Yer tomon harakatlanayotgan 3I/ATLAS nomli kosmik obyekt radiosignalini ilk bor qayd etdi. Bu haqda The Astronomer’s Telegram portali xabar berdi.

24-oktyabr kuni Janubiy Afrikadagi MeerKAT radioteleskopi tomonidan qabul qilingan signal 3I/ATLAS bilan bog‘liq deb taxmin qilinmoqda. Sentyabr oyidagi kuzatuvlar natijasiz yakunlangan edi.
Garvard universiteti olimi Avi Lebaning ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 16-martda kometa Yupiter yaqinidan o‘tadi. Shu paytda “Yunona” kosmik apparati uning past chastotali radiosignallarini qayd etishga urinadi.
3I/ATLAS 2025-yil 1-iyulda aniqlangan bo‘lib, keyinchalik u boshqa yulduz tizimidan kelgan kometa ekani tasdiqlangan. Uning komasi diametri 24 kilometrga yaqin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, kometaning yoshi 7,5 milliard yilni tashkil etadi — bu Quyoshdan qariyb 3 milliard yilga katta bo‘lib, hozirgacha kuzatilgan eng qadimgi kometalardan biri sanaladi.
Avi Leb sentyabr oyida 3I/ATLAS kometasi Quyosh tizimidan o‘tish jarayonida “g‘ayrioddiy evolyutsiyani” boshdan kechirayotgani va rangi o‘zgarayotganini ham qayd etgan edi.