O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimovning Turkmaniston ta’lim vaziri Jumamurat Gurbangeldiyev bilan uchrashdi.
Muloqot davomida ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki qardosh davlat o‘rtasida ta’lim va fan sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini faollashtirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar rektorlar forumlari va yosh olimlar konferensiyalarini o‘tkazish, startap-inkubatorlar tashkil etish, talabalar va yosh mutaxassislar ishtirokida xakatonlar o‘tkazish, raqamli ta’lim platformalariga o‘zaro kirish imkonini yaratish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.
Muloqot chog‘ida muhim voqealardan biri sifatida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universiteti o‘rtasidagi yozgi o‘quv amaliyoti doirasida talabalar almashinuvi tashkil etilgani qayd etildi.
Turkman tomoni O‘zbekiston ta’lim va fan muassasalari vakillarini 2025 yil oktyabr oyida Ashxobodda o‘tkaziladigan ta’lim sohasiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va ilmiy anjumanda ishtirok etishga taklif etdi.
Mamlakat elchisi, o‘z navbatida, Turkmanistonda O‘zbekiston universitetlari ko‘rgazmasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.