Xitoy poytaxtida bo‘lib o‘tgan robototexnika yarim marafonida gumanoid robotlar kutilmagan natijalarni qayd etdi. 21 kilometrlik masofani bosib o‘tgan robotlardan biri 50 daqiqa 26 soniya natija ko‘rsatib, hatto insonlar o‘rtasidagi jahon rekordidan ham tez yugurgani aytilmoqda.

Musobaqa 19-aprel, yakshanba kuni Pekinda o‘tkazilgan bo‘lib, unda 100 dan ortiq gumanoid robot qatnashgan. To‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida robotlar bilan birga alohida yo‘laklarda odamlar ham yugurgan.
Qayd etilishicha, marraga yaqin joyda yetakchi robot to‘siqqa urilib, qisqa vaqt yordamga muhtoj bo‘lganiga qaramay, poygani yakunlashga muvaffaq bo‘lgan. U shu yil mart oyida Jeykob Kiplimo tomonidan o‘rnatilgan yarim marafon jahon rekordidan qariyb yetti daqiqaga tezroq natija qayd etgan.
Honor tomonidan ishlab chiqilgan yana bir — masofadan boshqariladigan robot esa masofani 48 daqiqa 19 soniyada bosib o‘tib, birinchi bo‘lib marrani kesib o‘tgan. Biroq musobaqa qoidalariga ko‘ra, g‘oliblik avtonom harakatlangan robotga berilgan.
Tashkilotchilar bu yilgi natijalarni katta yutuq sifatida baholamoqda. Chunki o‘tgan yili g‘olib robot marraga 2 soat 40 daqiqa 42 soniyada yetib kelgandi. Bu safar esa ishtirokchilarning qariyb 40 foizi masofani to‘liq mustaqil bosib o‘tgan.
Musobaqa davomida yana bir robot yo‘l harakatini tartibga soluvchi sifatida xizmat qilgan — u ishtirokchilarga imo-ishora va ovoz orqali yo‘l ko‘rsatib turgan.
Mutaxassislarning fikricha, bunday natijalar texnologik taraqqiyotni ko‘rsatsa-da, gumanoid robotlar hali sanoatda keng qo‘llanish darajasiga yetmagan. Ularning asosiy muammosi — murakkab muhitni anglash, nozik harakatlarni bajarish va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatining pastligidir.
Counterpoint Research ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi gumanoid robotlarning 80 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, Tesla ulushi atigi 5 foizni tashkil etadi.
Ichki bozorda esa Unitree va AgiBot yetakchi bo‘lib, ular o‘tgan yili har biri 5 mingdan ortiq robot yetkazib bergan. Unitree esa ishlab chiqarish hajmini yiliga 75 ming donagacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Shunga qaramay, ayrim ekspertlar gumanoid robotlarning imkoniyatlari hali cheklanganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, hozirgi robotlar ko‘proq “ko‘rgazmali chiqishlar” darajasida bo‘lib, real sanoat vazifalarini bajarishda sezilarli yutuqlarga erishish uchun hali vaqt talab etiladi.