Pokistonning yetakchi ingliz tilidagi nashri — Dawn gazetasi tahririy e’tiborsizlik tufayli o‘z biznes maqolalaridan birida sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan jumlani ham bosib yubordi. Bu haqida The Indian Express xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 12-noyabr kuni e’lon qilingan “Oktyabrda avtomobil savdosi o‘sdi” nomli maqolaning oxirgi qismida ChatGPT tomonidan generatsiya qilingan so‘rov matni tasodifan qoldirib ketilgan. Material yakunida quyidagi jumla aynan qo‘yilgan holda paydo bo‘lgan:

“Agar xohlasangiz, men bir qatorli qisqa statistik ma’lumotlar va o‘quvchilarga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan yorqin, infografikaga mos, yanada ta’sirchan ‘birinchi sahifa uslubidagi’ variantni ham tayyorlay olaman. Keyingisini shunday qilaymi?”

Ushbu satrning chop etilishi skrinshotlar orqali ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilar tahririy intizomi bilan mashhur gazetaning bunday xatoga yo‘l qo‘yganidan hayrat bildirgan. Ba’zilar buni “sifatning pasayishi” deya baholagan, ayrim o‘quvchilar esa jurnalistik ishonchlilik borasidagi xavotirlarni tilga olgan.

Dawn gazetasi obro‘si fonida reaksiyalar yanada keskin bo‘ldi. Muhammad Ali Jinnax tomonidan 1941-yilda Dehlida asos solingan mazkur nashr 1947-yilgi bo‘linishdan so‘ng Lahorga ko‘chirilgan va bugungi kungacha Janubiy Osiyoning eng nufuzli axborot manbalaridan biri sifatida e’tirof etib kelinadi.