Rossiya yaqin o‘n yil ichida Oy yuzasida atom elektr stansiyasini (AES) qurishni rejalashtirmoqda. Mazkur loyiha Rossiyaning oy bo‘yicha dasturi hamda Rossiya–Xitoy qo‘shma ilmiy stansiyasini energiya bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiyaning “Roskosmos” davlat kosmik korporatsiyasi 2036-yilga qadar Oyda AES qurilishini yakunlashni rejalashtirmoqda. Ushbu maqsadda “Lavochkin nomidagi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi” bilan tegishli shartnoma imzolangan.
Loyihaga ko‘ra, Oy yuzasida barpo etiladigan atom elektr stansiyasi quyidagi obyektlarni energiya bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan:
- Oy bo‘ylab harakatlanuvchi roverlar;
- ilmiy observatoriyalar;
- Rossiya–Xitoy xalqaro oy ilmiy stansiyasining infratuzilmasi.
“Roskosmos” bayonotida ushbu tashabbus doimiy faoliyat yurituvchi ilmiy oy stansiyasini shakllantirish hamda bir martalik missiyalardan uzoq muddatli kosmik dasturlarga o‘tishda muhim qadam ekani ta’kidlangan.
Rasmiy hujjatlarda stansiyaning yadroviy ekani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, loyiha ishtirokchilari orasida Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi va Kurchatov nomidagi yetakchi yadroviy tadqiqot instituti mavjudligi bu yo‘nalishda yadro texnologiyalaridan foydalanilishini anglatadi. Avvalroq “Roskosmos” rahbari Dmitriy Bakanov Oyda AES o‘rnatish Rossiyaning strategik kosmik maqsadlaridan biri ekanini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Rossiya kosmik sohada yetakchilik mavqeini tiklashga intilmoqda. So‘nggi yillarda bu borada AQSH va Xitoy bilan raqobat kuchaygan. Xususan, 2023-yil avgust oyida “Luna-25” uchuvchisiz missiyasining muvaffaqiyatsiz yakunlanishi Rossiyaning oy dasturiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan edi.
Ma’lumot uchun, Oy Yer yuzasidan 384 400 kilometr masofada joylashgan bo‘lib, sayyoramizning iqlim barqarorligini saqlashda va okeanlardagi suv to‘lqinlarini boshqarishda muhim ahamiyatga ega.