Rossiya amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini nishonga olish uchun mo‘ljallangan yangi antisun’iy yo‘ldosh qurolni ishlab chiqmoqda. Bu haqda NATOning ikki davlatiga tegishli razvedka ma’lumotlariga tayanib The Independent xabar berdi.

Razvedka hisobotlariga ko‘ra, Rossiya ishlab chiqayotgan qurol Starlink orbitalarini yuz minglab yuqori zichlikdagi granulalar bilan to‘ldirishni ko‘zda tutadi. Bunday qurol bir vaqtning o‘zida bir nechta sun’iy yo‘ldoshni ishdan chiqarishi mumkin.
Biroq mutaxassislar bu usul koinotdagi boshqa tizimlar uchun ham halokatli zarar keltirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Moskvaning bundan maqsadi Ukrainaga jang maydonida yordam berayotgan G‘arbning koinotdagi ustunligini cheklash ekani aytilmoqda.
“Koinotdagi tartibsizlik Rossiyaning o‘ziga ham zarar”
Tahlilchilar bunday qurolning ishlatilishiga shubha bilan qaramoqda. Sababi koinotda nazorat qilib bo‘lmaydigan tartibsizlik nafaqat G‘arbga, balki Rossiya va uning ittifoqchisi Xitoyga ham zarar yetkazadi. Har ikki davlat ham muhim aloqa va mudofaa tizimlari uchun minglab orbital sun’iy yo‘ldoshlarga tayanadi. Ushbu xavflar va koinotdagi o‘z tizimlariga yetishi mumkin bo‘lgan zarar Moskvani bunday qurolni qo‘llashdan to‘xtatib turuvchi asosiy omil bo‘lishi mumkin.
Kreml munosabati va S-500 tizimi
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu borada biror munosabat bildirmadi. Bundan oldin Rossiya BMTni koinotga qurol joylashtirishni to‘xtatishga chaqirib, Vladimir Putin Moskva koinotga yadroviy qurol chiqarish niyatida emasligini bildirgan edi. Shunga qaramay, dekabr oyida Rossiya past orbitali nishonlarni urib tushirishga qodir bo‘lgan yangi S-500 yerusti raketa tizimini ishga tushirganini e’lon qildi.
Starlink — Rossiya uchun asosiy xavf
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Starlink’ni o‘ziga nisbatan jiddiy tahdid deb biladi. Rossiya-Ukraina urushi deyarli to‘rt yildan beri davom etar ekan, Starlink’ning yuqori tezlikdagi interneti Ukraina harbiylari uchun aloqa, nishonlarni aniqlash va boshqa hayotiy zaruriy vazifalarda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.