Hukumat ichki ko‘chmas mulk bozorida taklif hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Qirollik xorijdan global investorlar va developerlarni jalb qilmoqchi.
Saudiya Arabistoni chet elliklarga ko‘chmas mulk sotib olish shartlarini yengillashtiradi. Yangiliklar 2026 yil boshida kuchga kiradi.
Arab News xabariga ko‘ra, Qirollik rasmiylari xorijliklar bilan bitim tuzish mumkin bo‘lgan manzillar ro‘yxatini tayyorlamoqda. Rejalarda poytaxt Ar-Riyoz va Jidda shahri tilga olingan. Makka va Madinada ham qo‘shimcha shartlar va mahalliy idoralar nazorati ostida uy-joy sotib olish mumkin bo‘ladi.
Ilgari chet elliklar Saudiya Arabistonida faqat ikki holatda ko‘chmas mulk sotib olishi mumkin edi: investor mamlakatda yashash guvohnomasiga ega bo‘lishi yoki 1 million dollardan qimmatroq obektni sotib olishi.
Saudiya Arabistoni hukumati ichki ko‘chmas mulk bozorida taklif hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, Qirollik xorijdan global investorlar va developerlarni jalb qilmoqchi.
Qayd qilinishicha, Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqdagi qo‘shnilari bilan shafqatsiz raqobatga duch keladi. Birlashgan Arab Amirliklari ushbu sarmoyaviy bozorni ancha oldin egallagan. Ummon, Bahrayn va Qatar – ko‘proq erkinliklar tufayli investorlar va ko‘chmas mulk xaridorlarining bir qismini o‘z tomoniga og‘dirmoqda.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish «Vision 2030» dasturining bir qismi bo‘lishi mumkin, deb yozdi Dubayning Gulf News nashri. Ushbu strategiya doirasida rasmiylar turizm va yangi shahar qurilishi orqali mamlakatning neft daromadlariga qaramligini kamaytirishga harakat qilmoqda. 2030 yilga borib Saudiya Arabistoni Qizil dengiz bo‘yida mehmonxonalar va bir nechta yangi shaharlar qurilishiga qariyb 900 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi.