Dunyo bo‘ylab ekstremal iqlim sharoitlari kakao yetishtirishga jiddiy xavf solayotgani sababli shokolad sanoati inqiroz yoqasiga kelib qoldi. Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar mavjud tendensiyalar saqlanib qolsa, 2050-yilga borib dunyo bo‘yicha shokolad tanqisligi yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, shokolad ishlab chiqarishning asosiy xomashyosi bo‘lgan kakao dunyo zaxirasining qariyb 60 foizi G‘arbiy Afrikaning Kot-d’Ivuar va Gana kabi mamlakatlarida yetishtiriladi. Ushbu hududlarda so‘nggi ikki yil ichida kakao hosildorligi qariyb 40 foizga qisqargan. Natijada shokolad narxlari 1970-yillardan buyon kuzatilmagan darajada keskin oshmoqda.
Tadqiqotchilarga ko‘ra, kakao ishlab chiqarishidagi pasayishga noqonuniy oltin qazib olish, qarigan daraxtlar va kontrabanda kabi omillar ham ta’sir qilmoqda. Biroq Garvard universitetining Salata iqlim va barqarorlik instituti olib borgan tadqiqotlarda asosiy sabab sifatida yog‘ingarchilikning keskin o‘zgaruvchanligi ko‘rsatilgan. Havo harorati oshishi bilan atmosfera ko‘proq namlikni ushlab qoladi, bu esa kuchli va uzoq davom etuvchi jala yog‘inlar, tuproq eroziyasi va botqoqlanish, shuningdek, kakao daraxtlarini zararlovchi zamburug‘li kasalliklarning keng tarqalishiga olib kelmoqda.
Mazkur muammolarga yechim sifatida olimlar kakaoga muqobil mahsulotlar ustida ish olib bormoqda. Xususan, Singapur Milliy universiteti tadqiqotchilari O‘rta Yer dengizi mintaqasida o‘sadigan karob o‘simligini istiqbolli alternativa sifatida ko‘rib chiqmoqda. Karob issiq va qurg‘oqchil iqlim sharoitida yaxshi o‘sadi, kam suv talab qiladi va qurg‘oqchilikka chidamli hisoblanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, karob qovurilganda kakaoni eslatuvchi xushbo‘y hid chiqaradi, biroq uning ta’mi to‘liq mos kelmaydi. Shu sababli singapurlik olimlar fermentlardan foydalanish orqali karobning ta’mini kakaoga yaqinlashtirish usulini ishlab chiqqan. Ushbu texnologiya zararli kimyoviy moddalar qo‘llanmasdan, tabiiy yo‘l bilan mahsulotning achchiqligi va shirinligini muvozanatlashtirish imkonini beradi.
Tadqiqot muallifi Manfred Kuning qayd etishicha, mazkur yondashuvning maqsadi kakaoning to‘liq nusxasini yaratish emas, balki shokolad sanoatida foydalaniladigan xomashyolarni diversifikatsiya qilishdan iborat. Uning so‘zlariga ko‘ra, karob kabi iqlimga chidamli ekinlardan foydalanish sanoatning ekologik o‘zgarishlarga moslashishiga yordam berishi mumkin.