SpaceX kompaniyasi Falcon 9 raketasi orqali dengiz sathining ko‘tarilishini kuzatishga mo‘ljallangan Sentinel-6B sun’iy yo‘ldoshini orbitaga muvaffaqiyatli uchirdi. Bu haqda kompaniya o‘zining rasmiy saytida ma’lum qildi.

Uchirish 17-noyabr kuni AQSHning Kaliforniya shtatidagi Vandenberg kosmik kuchlar bazasida amalga oshirildi (mahalliy vaqt bilan 16-noyabr, 21:21). Noqulay ob-havoga qaramay, meteorologlar parvozga ruxsat bergan, ob-havo cheklovlari buzilishi ehtimoli 60 foiz deb baholangan.
Og‘irligi 1 440 kilogram bo‘lgan Sentinel-6B sun’iy yo‘ldoshi xalqaro hamkorlikdagi yirik loyiha doirasida uchirildi. Loyiha qiymati 1 milliard dollardan oshib, xarajatlar AQSH va Yevropa tomonidan teng ulushlarda qoplanmoqda. Dasturda NASA, Yevropa kosmik agentligi (ESA), EUMETSAT, AQSH Milliy okean va atmosfera boshqarmasi (NOAA), Yevropa komissiyasi hamda Fransiyaning CNES agentligi ishtirok etmoqda.
Germaniyaning Airbus Defence and Space kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sun’iy yo‘ldosh 1 336 kilometr balandlikda faoliyat olib boradi. U dunyo okeanining 90 foizini muntazam tahlil qilib, dengiz sathidagi o‘zgarishlarni yuqori aniqlikda kuzatish imkonini beruvchi ma’lumotlarni uzatadi.